Tergovchining xatosi adolatsizlikka yo‘l ochadi
Qonunchilikning taomili shunday: jinoyatchi, gumonlanuvchi, guvoh va jabrlanuvchi ham o‘z harakatiga dastlabki xulosani tergovchining o‘ziga nisbatan munosabatidan bilib oladi. Tergov sifati esa ana shu munosabatning xolis, adolatli bo‘lishiga bog‘liq. Xo‘sh, viloyatdagi prokuratura, ichki ishlar idoralari tergovchilari bu vazifani nechog‘lik uddalashayapti?
Vilot prokuraturasida “Tergovchi faoliyati qonun va mamlakatdagi islohotlar talablariga mos bo‘lishi kerak” shiori ostidagi seminarda ana shu masala tahlil etildi.
Ming afsuski, xom, biryoqlama tergovlar piravardida aholining e’tiroziga sabab bo‘layotir, - dedi viloyat prokurori R.Masharipov. – Sayyor qabullardagi murojaatlar va kelayotgan shikoyatlarni o‘rganish chog‘ida bunga o‘zimiz guvoh bo‘layapmiz. Ba’zan jamiyatdagi o‘zgarishlarni, jinoyatning sabab va oqibatini hisobga olmasdan boshlangan tergovdagi xatolar ishning yakuniga salbiy ta’sir o‘tkazayapti. Bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun biz bundan keyin tergovchilar salohiyatini kuchaytirish, ya’ni ularni o‘qitish, ma’naviyatini boyitish, malakasini,mas’uliyatinioshirish,xususan jamoatchilik bilan doimiy muloqotda bo‘lishi choralarini ko‘ramiz. Bundan tashqari huquq-tartibot idoralari davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mamlakat iqtisodining yuksalishiga xizmat qilishi, ishbilarmonni qo‘llab-quvvatlashi zarur.
Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev esa tergov natijasi jamiyatda adolat barqaror bo‘lishiga xizmat qilishi, tergovchi puxta huquqiy, siyosiy bilimga ega bo‘lishi, ishni atrofdagi o‘zgarishlar talabi asosida yuritishi, o‘z bilimini oshirib berishi zarurligini ta’kidladi. U tergovchilarga allomalarimizning “Ikkala tomonni ham eshitmasdan qaror qabul qilgan kimsa, agar uning qarori adolatli bo‘lsada, u adolatsizlik qilgan bo‘ladi” degan so‘zini shior sifatida ishlatishlarini tavsiya qildi.
Tergovchining shakllanishi uchun muayyan vaqt talab etiladi, - dedi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov. – Bu muddat ichida u ustozlardan kasb sirlarini, odamlar ruhiyatini o‘rganishi, nafaqat qonunchilikda, balki hayotning boshqa sohalaridagi huquqiy-normativ hujjatlar bilan tanishib borishi lozim. Tergovchining mustaqilligi uning jamiyatdagi o‘zgarishlar va tomonlar manfaatini puxta o‘rganishiga ta’sir qilmasin.
Viloyat advokatlar palatasi raisi T.Qodirov tergov ishlarining sifati advokatlar bilan hamkorlik qilishiga nechog‘lik bog‘liqligini aytib o‘tdi. Advokat talablari o‘rganilayotgan ishda noto‘g‘ri xulosa chiqarishning oldini oladi. Qolaversa, qonunchilik talabi ham shunday.
Viloyat prokurori o‘rinbosari S.Eshquvvatov o‘z chiqishida tergovchilarning faoliyatini tahlil qildi. Tergov jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, ularning sabablari haqida fikr yuritdi. Bu yuzasidan tergovchilarga maslahatlar berildi.
Yig‘ilish qatnashchilari tergov jarayoni qonunlar talabi asosida o‘tishi barobarida, uning natijasi mamlakatda adolat ustuvorligi, va ijtimoiy barqarorlikka xizmat qilishi kerak, degan xulosaga keldilar.