Test sinovlari natijalarining muhokamasi tinmayapti, Xalq ta’limi vazirligi munosabat bildirdi

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun bu yilgi test sinovlarida 1,7 million abituriyent ishtirok etib, ularning yarmidan ko‘pi (51,2 foizi) hatto minimal o‘tish ballini ham yig‘olmagan. Bu esa so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik vakillari tomonidan keng muhokama etilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi bu bo‘yicha o‘zining munosabatini bildirdi. Jumladan, munosabatda shunday deyiladi:

“Albatta, davlatimiz ravnaqi va kelajagi, xalqimizning farovon turmush tarzini ta’minlashda bugungi yosh avlod kamolotining o‘rni va ahamiyati naqadar muhim ekanligini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Shu boisdan bu borada kuyunchaklik bilan bildirilayotgan turli fikr-mulohazalarning ham juda o‘rinli ekanligini ta’kidlab o‘tamiz.

Muhokama qilinayotgan ko‘rsatkichlar barcha test sinovlarida qatnashgan 1 milliondan ortiq abituriyentlarning natijalari ekanligiga ham e’tiborni qaratish lozim, deb hisoblaymiz.

Shu o‘rinda, bir qator tahliliy holatlarga e’tibor qaratsak:

2022 yilgi test sinovlarida ishtirok etgan jami abituriyentlarning 386 523 nafar yoki 24 foizi joriy yilgi maktab bitiruvchilarini tashkil etadi. 810 mingdan ortiq yoki 76% abituriyentlar kasb-hunar maktablari, akademik litseylar bitiruvchilari va eng asosiy qismi oldingi yillar davomida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinmagan yoshlardan iborat.

2021 yilda bitiruvchilarning o‘rtacha bali (samaradorlik ko‘rsatkichi) 2020 yilga nisbatan 69,8 balldan 74,9 ballga, ya’ni, +5.1 ballga oshgan. Shuningdek, past natija ko‘rsatgan (56,7 balldan kam) bitiruvchilarning ulushi 2021 yilda 2020 yilga nisbatan qariyib -13% yoki -35 232 nafarga kamaygan.

Jumladan, 2020 yilda 56.7 balldan past natija ko‘rsatgan bitiruvchi-o‘quvchilar 138 780 nafar (yoki 46%)ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 103 548 nafar (yoki 33%)ni tashkil etgan.

Albatta, hozirgi kundagi maktab bitiruvchilarining bilimi va ko‘nikmalari past ekanligini qayd etish kerak. Hozirgi kunda maktab ta’limida ta’lim mazmunini yangilash hamda pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha boshlangan qadamlar, sekin-astalik bilan bitiruvchilarning darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylaymiz.

Shuni ham ta’kidlab o‘tishni istardikki, hozirgi vaqtda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Davlat test markazi bilan hamkorlikda bitiruvchilarning maktab yakuniy davlat imtihonlari natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga kirishini tashkil etish, maktab bitiruv imtihonlarini unifikatsiyalashtirish borasida ishlar olib borilmoqda”, deyiladi (https://t.me/uzedu/18141) vazirlik telegram kanalida.