Test sinovlari natijasi bo‘yicha apellyasiya shikoyatlari 14 sentyabrgacha onlayn qabul qilinadi

Qonunchilikka ko‘ra, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar apellyasiya komissiyasiga apellyasiya shikoyatini berish huquqiga ega.

OTMning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan va natijasidan norozi abituriyentlar apellatsiya.dtm.uz sayti orqali apellatsiya shikoyati berishlari mumkin.

Apellyasiya arizalari 14 sentyabrgacha onlayn qabul qilinadi. Bunda apellyasiya arizasini bermoqchi bo‘lgan abituriyent dastlab saytning “Bakalavr-2021” bo‘limiga kirib, pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritishi lozim.

Agar abituriyent haqiqatdan ham test sinovlarida ishtirok etgan va test sinovlaridan chetlatilmagan bo‘lsa, apellyasiya arizasini berishi mumkin bo‘ladi va ariza berish oynasi ochiladi.

Ushbu sahifaga tegishli ma’lumotlar kiritilgach, apellyasiya arizasi beriladi.

Apellyasiya arizasini bergan abituriyentlarga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda quyidagi hujjatlar bilan DTMga kelishi shart:

• shaxsini tasdiqlovchi hujjat;

• xabarnoma;

• abituriyent ruxsatnomasi.

Apellyasiya shikoyati apellyasiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi.

Apellyasiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish 2021 yil 7 sentyabrdan boshlanadi.