Testlar kechikayotgani, karantinga olinish kamaygani holatlari haqida viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Adham Bahromov
Koronavirus xastaligi bilan kurashda Samarqandda keyingi paytda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda? Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Markazning to‘la quvvat bilan ishlashida qanday muammolar bor? Shu kabi savollar bilan Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh shifokori Adham BAHROMOVga murojaat qildik..
- Siz ayni murakkab bir vaziyatda, ya’ni aholi orasida koronavirus infeksiyasi avj olgan bir paytda markaz rahbari sifatida ish boshladingiz. Har kuni odamlar koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq yangilik kutayotgan tashkilotda ishni birinchi navbatda nimadan boshladingiz?
- Birinchi navbatda ishni laboratoriyadagi ahvol bilan tanishishdan boshladim. Buning sababi aholi orasida test natijalarini aniqlash muddati, shuningdek, uni topshirish yuzasidan murojaatlar ko‘p bo‘lyapti. Shuning uchun laboratoriyadagi jihozlar, ularning ahvoli, qolaversa, boshqa bo‘limlar hamda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitni o‘rgandim. Test natijalari javobi uzoq kuttirayotganiga sabab markaz laboratoriyasida tahlilni amalga oshirishga mo‘ljallangan bor-yo‘g‘i ikkita uskuna bor. Yaqinda ular soni yana ikkitaga ko‘payadi. Bir kunda o‘rtacha 700 kishi test topshirayotgan hozirgi kunda bu asboblarning yetarli emasligi, tabiiyki, natijalarni uzoq vaqt kutishga to‘g‘ri kelmoqda. Yaqin kunlarda bu muammo bartaraf etiladi.
- Tumanlar miqyosida ham bu masala bo‘yicha yangiliklar bo‘ladimi?
- Hozirgacha uzoq tumanlarda olingan tahlilni olib kelish masalasida muammolar bor edi. Shuni inobatga olgan holda viloyat hokimi tashabbusi bilan Kattaqo‘rg‘on shahrida ham shunday laboratoriya tashkil etilishi belgilandi. Hududiy laboratoriyada Kattaqo‘rg‘onga yaqin tuman aholisi test topshirib, natijalarini olishi mumkin bo‘ladi. Bu yaqin o‘n kun ichida ro‘y beradigan yangilik.
- Keyingi paytda koronavirus infeksiyasi aniqlangan, ular bilan aloqada bo‘lgan odamlar karantinga olinmayapti, degan gaplar ko‘p aytilmoqda. Shu haqda to‘xtalib o‘tsangiz.
- To‘g‘ri, infeksiya tarqalgan ilk pallada koronavirusga chalingan odamlar bilan muloqotga kirganlar ham karantinga olingan va shu orqali uning ilk tashuvchisini aniqlash, iloji boricha kasallik keng tarqalib ketishining oldini olishga e’tibor qaratilgandi. Hozir buning foydasi, qolaversa, iloji ham yo‘q. Sababi, koronavirusni yuqtirish holatlari bugun o‘rgimchak iniday turli hududlarda, turli muassasada, aholi orasida ko‘payib ketdi. Ayni pallada faqat infeksiya yuqtirganlar bilan ilk muloqotda bo‘lganlardan test tahlillari olinyapti hamda test natijasi chiqqunga qadar ular uy sharoitida karantinga olinyapti. Ayni paytda mutaxassis va shifokorlarning kuchini ko‘proq kasallik yuqtirganlarni davolashga sarflash lozim.
- Aholi orasida tojli virus belgilari namoyon bo‘lasa-da, ammo ularga yordam ko‘rsatilmayotgani, topshirishdagi muammolar to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar bo‘lyapti.
- Shu paytga qadar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida faoliyat yuritganim uchun ba’zi mulohazalarni aytishim mumkin. Haqiqatan ham ba’zi shifokorlar aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda sustkashlik qilgan bo‘lishi mumkin, buni inkor etolmaymiz. Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ushbu xastalik bilan kurashda shifokorlarimizning ham jismonan, ham ruhan charchaganini tan olish kerak. Oylab uyida bo‘lmaslik, doimiy xavotir bilan ishlash har qanday insonni toliqtirib qo‘yadi. Bugun aksar shifokorlar fidoyilik bilan ishlayapti desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Test topshirish masalasida yuqorida ta’kidlaganim singari shu hafta ichida yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda. Qo‘shimcha uskunalar keltirilganda test natijalarini o‘z vaqtida olish imkoni bo‘ladi. Ayni paytda aholi orasida profilaktika uchun ham test topshirish istagida bo‘layotganlar ko‘p. Biz ular ichidan birinchi navbatda tibbiy ko‘rsatmalari bor kishilarning test tahlilini tayyorlashni amalga oshirmoqdamiz.
- Kecha Samarqandda 62 nafar bemorlar uyda davolanayotgani ma’lum qilindi. Uyda davolanishning tartib-qoidasi qanday?
- Viloyat bo‘yicha oilaviy poliklinikalarda 21 ta mobil guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, ular tarkibida bir necha mutaxassislikdagi shifokorlar bor. Poliklinikaga Covid 19 alomatlari bilan murojaat qilgan bemorlar huzuriga borgan ushbu guruh faqatgina bemorning ahvolini ko‘rib qolmasdan, uning shart-sharoiti bilan ham tanishadi. Birinchi yordamni ko‘rsatgach, undan virus bor-yo‘qligini aniqlash uchun tahlil oladi. Uyda davolanish uchun imkon bo‘lsa (bemor o‘zini alohidalash uchun sharoit) uning xohishi bilan bemor uyida davolanishi mumkin. Unga zarur dori-darmonlar yetkazib beriladi.
Viloyat hokimi tashabbusi bilan yaqinda bemorlarga yana bir qulaylik yaratildi. Samarqand shahridagi, har biri 120 o‘rinli ikkita mehmonxona ayni kunlarda provizor gospital vazifasini o‘tamoqda. Ya’ni, yuqori haroratli, virus alomatlari bo‘lgan bemorlar mehmonxonaga keltirib, test javobi chiqqunga qadar bir necha kun nazoratda bo‘ladi. Keyingi paytlarda harorati chiqqan har bir inson o‘zini koronavirusga chalindim, deya gumon qilib, vahimaga tushyapti. To‘g‘ri, ehtiyotkorlik kerak, ammo ularni darhol virusga chalinganlarni davolaydigan shifoxonaga olib borish ham noto‘g‘ri ekanligi tobora oydinlashyapti. Test natijalari chiqqach bemor virusni davolovchi muassasaga yoki boshqa xastaligi bo‘lsa, tegishli shifoxonaga, shamollash bo‘lsa uyiga jo‘natiladi. Ikki-uch kun harorati ko‘tarilib, ammo uyida hech kimga murojaat qilmay, davolanayotganlar ham borligi rost. Bu masalada bugun aholi albatta tegishli hududiy poliklinikasiga murojaat qilishi shart.
- Aholiga ayni kunlarda nima deb maslahat bergan bo‘lardingiz?
- Kasallik tarqala boshlagan kezlari ko‘pchilik bunga e’tiborsiz qaragan, hatto bu kasallik borligiga shubha qiluvchilar ham ko‘p edi. Garchi ushbu xastalikning oqibatlari haqida doim gapirilsa-da, ammo unga ahamiyat berimadi. Hozir ham ular ko‘p. Ayniqsa, karantin qoidalari yumshatilganda bemalol yuzlab odamlarni chorlab to‘ylar qilishdi, oddiy talab, niqob taqishga ham hafsala qilishmadi. Vaholanki, biz hammamiz sinovdamiz, buni nafaqat mas’ullar, tibbiyot xodimlari, balki barcha anglab yetishi kerak. Aks holda kasallikni yengishimiz murakkablashib boraveradi. Hozirgi imkonimizdan kelib chiqqan holda iloji boricha, klinik belgilar bor aholining test topshirishi tarafdorimiz. Haqiqiy bemorlarning o‘rnini, vaqtini yo‘qotmaylik.
Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.