“Texnik xato muammoga sabab bo‘lgan” — “Toza hudud”dan murojaatga javob

Avvalroq saytimizda “Toza hudud” egasizmi qoldimi yoxud e’tiborsiz?” savrlavhali maqola e’lon qilingan edi. Unda sohadagi ayrim muammolar, xususan, bazada ayrim xonadonlarda yashovchilar sonining oshirib ko‘rsatilgani tilga olingan.
Maqola yuzasidan "Toza Hudud" davlat muassasasi Toyloq tumani filiali tomonidan munosabat bildirildi. Jumladan, munosabatda shunday deyiladi:
“Tashkilotimiz tomonidan jamoatchilik murojaatlariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan murojaat yuzasidan murojaat egasi bilan bog‘lanilib, holat o‘rganildi.
Dastlabki suhbatda fuqaro bir yil muqaddam, xorijga chiqish arafasida, mahalla orqali "Toza hudud" tizimiga dalolatnoma topshirganini, biroq bu hujjat qonuniy kuchga ega bo‘lmaganini ma’lum qildi. Mazkur holatni aniqlashtirish maqsadida 2025 yil 24 iyun kuni “Toza Hudud” ishchi guruhi vakillari bilan birga murojaat joyiga borilib, mahalla hududida holat atroflicha o‘rganildi.
Tegishli hujjatlar tahlili davomida aniqlanishicha, 2024 yilda taqdim etilgan dalolatnoma texnik xatolik sababli qabul qilinmagan. Shuningdek, hujjat tayyorlash jarayonida inson omillari inobatga olinmagan, hisob-kitoblarda xatoliklar mavjud bo‘lgan. Shu sababli dalolatnoma bekor qilingan va qonuniy kuchga ega bo‘lmagan.
Holat joyida o‘rganilgach, ishchi guruh tomonidan yangidan dalolatnoma rasmiylashtirildi. Fuqarodan qonuniy tartibda ariza olinib, belgilangan tartib asosida hujjatlar rasmiylashtirildi va qonuniy dalolatnoma o‘tkazildi.
"Toza Hudud" DK Toyloq tumani filiali ushbu murojaat bo‘yicha qonuniy choralarni ko‘rdi va masalani ijobiy hal etdi.
"Toza Hudud" DK Toyloq tumani filiali”.