“Tez yordam” 40 daqiqada emas, 7 daqiqada yetib borgan: O‘lim holatiga yurak xastaligi sabab bo‘lgan
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon viloyatida “tez yordam” 40 daqiqada kelgani sababli odam vafot etgani aytilgan videolavha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, quyidagilarni ma’lum qiladi.
Joriy yil 20 may kuni soat 12:12da Andijon shahar Bobur shoh ko‘chasidagi “Doktor Magnus” xususiy tibbiyot klinikasi ro‘parasida noma’lum shaxsning velosipeddan yiqilib, hushsiz yotganligi to‘g‘risida Andijon shahar tez tibbiy yordam bo‘limiga chaqiruv bo‘lgan.
Chaqiruvni qabul qilgan tez tibbiy yordam dispetcheri tez tibbiy yordam brigadasiga soat 12:14da yetkazgan. Tez tibbiy yordam brigadasi voqea joyiga soat 12:21da, ya’ni 7 daqiqada, o‘z vaqtida yetib borgan. Tibbiyot xodimlari tomonidan hushsiz yotgan fuqaro tekshirilganda, o‘lim holati belgilari aniqlangach, “tez yordam” shifokori tomonidan soat 12:30da ichki ishlar organlariga xabar berilgan, ular esa soat 12:44da voqea joyiga yetib kelgan.
Marhum viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan tekshirilib, o‘lim sabablarining dastlabki xulosasi berilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, vafot etgan fuqaro 1951 yilda tug‘ilgan A.M. bo‘lib, Andijon shahar Gumbaz MFYda yashagan. Yaqinlarining so‘ziga ko‘ra, u yurak xastaligi bilan og‘rib kelgan va 2 marta yurak xurujini o‘tkazgan.
O‘limga sabab bo‘lgan dastlabki tashxis: “Surunkali yurak ishemik kasalligi. Yurak toj qon-tomirlari aterosklerozi. Yurak miokard infarktidan keyingi kardioskleroz. Yurak chap qorincha mushaklari qon aylanishining buzilishi. O‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi”. Marhum tanasi tekshirilganda yiqilish bilan bog‘liq hech qanday jarohat izlari aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, 441 ming 713 nafar aholiga tibbiy xizmat qilib kelayotgan Andijon shahar tez tibbiy yordam bo‘limida jami 34 ta tez tibbiy yordam brigadalari mavjud bo‘lib, avtomashinalar bilan to‘liq ta’minlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.