Tibbiy ta’lim va ilm-fandagi yangi davr boshlanmoqda: Yangi universitet — yangi sifat

Tibbiyot sohasi — xalqimiz salomatligi, millat genofondi va mamlakat taraqqiyotining eng muhim poydevorlaridan biri. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan 2025 yil 22 aprelda qabul qilingan “Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bu yo‘nalishda burilish yasaydigan hujjat bo‘ldi.

Yagona universitet — markazlashgan taraqqiyot modeli
Qaror asosida Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutining kuchli jihatlari birlashtirilib, yagona markazlashgan ilmiy-ta’lim muassasasi — Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Bu yondoshuv, bir tomondan, resurslarni samarali taqsimlash va infratuzilmani zamonaviylashtirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Endilikda universitet oliy ta’limda akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillikka ega bo‘ladi. Bu esa yangi va ilg‘or ta’lim texnologiyalarini keng joriy yetish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, xalqaro akkreditatsiya va global ilmiy aloqalar uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi: taraqqiyot yo‘lida
Yangi universitet tarkibida Toshkent tibbiyot akademiyasining o‘rni beqiyos. Akademiya o‘zining boy tajribasi, yetuk ilmiy maktablari va salohiyatli professor-o‘qituvchilari bilan nafaqat yangi universitetning, balki butun mamlakat tibbiyot sohasining tayanchiga aylandi. Qaror asosida mavjud o‘quv binolari, ilmiy laboratoriyalar, klinikalar va akademik litseylar modernizatsiya qilinadi, yangi simulyasiya markazlari, IT-laboratoriyalar va axborot-resurs markazlari yaratiladi.
Shuningdek, yangu universitet negizida sobiq akademiyada tashkil etilayotgan Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar uchun asosiy ilmiy platformaga aylanishi kutilmoqda. Bu markaz orqali ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi tafovut bartaraf etilib, diagnostika, davolash va profilaktika bo‘yicha yangi metodikalar ishlab chiqiladi.

Kafedra istiqbollari: Bioinformatika va biotibbiyot fizikasining yuksalish davri
Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi — bu qaror asosida eng katta yutuqlarga erishish salohiyatiga ega bo‘lgan yo‘nalishlardan biridir. Kafedramizda bugungi kunda inson organizmidagi fiziologik jarayonlarni matematik modellashtirish, diagnostik tizimlar uchun sun’iy intellekt asosidagi algoritmlar ishlab chiqish, biotibbiy ma’lumotlar tahlili, tibbiy tasvirlar ishlov berish, genomika va proteomika sohasidagi bioinformatik tahlillar yo‘lga qo‘yilgan.

Yangi universitetning xalqaro doiralarda faoliyat olib borishi, xorijiy grantlar va ilmiy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishi orqali biz ilmiy salohiyatni yanada kengaytirishimiz mumkin. Xususan, sun’iy intellekt asosida tibbiy tashxis qo‘yish bo‘yicha xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish, raqamli sog‘liqni saqlash bo‘yicha yangi modullarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish, Simulyasion markazlarda biotibbiyot fizikasi asosida mashg‘ulotlar o‘tkazish, Bioinformatikaviy tahlillar uchun superkompyuter infratuzilmasini yaratish, xalqaro e’tirofga ega ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish orqali jahonning ilg‘or universitetlari bilan tenglashtiradi.

Yangi universitetda amalga oshiriladigan islohotlar orqali tibbiyot kadrlarining sifat darajasi oshadi, amaliy ko‘nikmalar kuchayadi, raqamlashtirish asosida sog‘liqni saqlash tizimi shaffof va samaradorlikka erishadi. Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi ta’minlanib, xalqaro reytinglarda o‘rin egallash imkoniyatlari paydo bo‘ldi.
Shuningdek, respublika bo‘ylab iqtidorli yoshlar uchun zamonaviy ilmiy infratuzilma va o‘qish sharoitlari yaratiladi.

Ilm-fan va sog‘liqni saqlash — bitta tamal tosh
Prezidentimizning ushbu qarori biz, tibbiy ta’lim vakillari oldiga katta mas’uliyat yuklaydi. Endilikda har bir o‘qituvchi, har bir kafedra va har bir talaba — sog‘liqni saqlash tizimining zamonaviylashtirilishida faol ishtirok etishi kerak. Bu qaror doirasida, ayniqsa, tibbiyot va texnologiya chorrahasida faoliyat yuritayotgan kafedralar oldida yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi bu yo‘lda yetakchi bo‘lishga tayyor.
Chunki kelajak — zamonaviy, ilmga asoslangan va raqamli sog‘liqni saqlash tizimi bilan bog‘liqdir. Bu esa faqat islohotlar emas, balki intellektual inqilobdir!

Fazliddin Arziqulov,
Toshkent davlat tibbiyot universitetining biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi o‘qituvchisi.