Tibbiyot sohasi raqamlashtirilib, telemeditsina yo‘lga qo‘yiladi
2021 yil uchun yana bir muhim yo‘nalish sifatida belgilangan tibbiyot sohasida quyidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Birinchidan, kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Bu ishlar uchun 2021 yil davlat byudjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshiriladi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yo‘naltiriladi.
Pandemiya saboqlaridan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lami yanada kengaytiriladi. Jumladan, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o‘rtasida telemeditsina yo‘lga qo‘yilib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.
Bu haqda davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ma’lum qildi.