Til o‘qitish muammolari va ularning innovatsion yechimlari muhokama qilindi

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida “Til o‘qitish muammolari va ularning innovatsion yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjuman oliy ta’lim muassasalarida til darslarini sifatli tashkil qilish, xalqaro tarjima nazariyasini shakllantirish va tadqiqotlarni nazariy jihatdan umumlashtirish borasida mavjud muammolar va ularning yechimlarini ishlab chiqish, bu borada O‘zbekiston va jahon tajribasiga oid yangiliklar bilan fikr almashish maqsadida tashkil etildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy tadbirda dunyoning nufuzli universitetlarining olimlari va professor-o‘qituvchilari qatnashdi. Ozarbayjonlik navoiyshunos olima, professor Almaz Ulivi Binnatova o‘z ma’ruzasida xalqaro do‘stlik aloqalarini rivojlantirishda Alisher Navoiy asarlarining beqiyosligi va tarjima nazariyasi katta ahamiyatga egaligini ta’kidladi. Amerika Qo‘shma Shtatlari Vayomi universititeti qoshidagi jahon tillar madaniyati markazining o‘zbek tili o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa (PhD) doktori Dilnoza Hosilova “Til darslarida zamonaviy pedagogika texnologiyalarni qo‘llash” nomli taqdimoti bilan chiqish qildi.

Shuningdek, anjumanda xalqaro do‘stlik aloqalarini rivojlantirishda tarjimaning o‘rni, til o‘qitish darslarida innovatsion metodlardan foydalanish, o‘zbek ma’rifatparvarlarining o‘rni va faoliyati, zamonaviy fan tilida neologizmlar kabi mavzular muhokama qilindi.

Anjuman yakunida oliy ta’lim muassasalarida til darslarini sifatli tashkil qilish hamda tarjima masalalarining dolzarb ahamiyati bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Dilafro‘z Norboyeva,  Samarqand iqtisodiyot va servis instituti

o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi.