Til o‘rganish uchun nima kerak?

“Menda til o‘rganishga iqtidor yo‘q”,

“Tilni bolalikda tezroq o‘rganish mumkin edi”,

“Men shundoq ham juda bandman”,

“Endi til o‘rganishga qarilik qilaman”,..

Xorijiy tillarni o‘rganmaslik uchun ko‘p bahonalarni ishlatamiz. Qiziq tomoni, bu bahonalarni fakt sifatida qabul qilib, o‘z ustida ishlashga urinib ko‘rmayotganlar ham bor oramizda. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Til o‘rganish uchun bizga nima kerak: pulmi yoki ishtiyoq? Xorijiy tillarni tez o‘zlashtirishning siri nimada? Quyida shu kabi savollarga javob topishga harakat qildik.

Til o‘rganish uchun tug‘ma qobiliyat kerakmi?

Avvalo, bu yerda gap poliglotlik yoki biror xorijiy til bo‘yicha ilmiy ish qilish haqida emas, insonning o‘ziga ma’qul yoki zarurat yuzasidan biror xorijiy tilni o‘rganishi va unda muloqot qila olishi yoki olmasligi haqida ketyapti. Shunday ekan, qobiliyatni vaj qilishdan oldin har birimiz hayotimizda bitta bo‘lsa ham tilni o‘rganganimizni e’tiborga olish lozim. Hayron bo‘lmang, hozir gapirib turgan ona tilimizni ham bolalikda o‘zlashtirganmiz. Unda o‘z fikrini aniq ifodalay olish darajasiga yetish uchun bolaga necha yil kerak bo‘lishini o‘ylab ko‘ring-a. Shu birgina fakt bilan “Bolalikda tilni osonroq o‘rganish mumkin”, degan tushunchaning haqiqatga unchalik to‘g‘ri kelmasligini anglab yetish mumkin.

Mulohaza qiladigan bo‘lsak, albatta, bolalarning zehni o‘tkir bo‘ladi, shuning hisobiga ular yangi so‘zlarni tez yod oladi. Lekin ularda maqsad va qunt bo‘lmaydi. Siz esa aqli raso insonsiz, demak, mantiqan fikrlash qobiliyatingiz yuqori, qolaversa, xorijiy tilni nima uchun o‘rganmoqchi ekanligingizni bilasiz. Shundan xulosaki, hayotiy tajriba va ko‘nikmalar bu jarayonni osonlashtiradi.

Maqsad aniq bo‘lsa, natija kuttirmaydi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xorijiy tilni aniq maqsadsiz, ya’ni shunchaki, “zarar qilmaydi” qabilida o‘rganish juda mushkul. Ishni shunday ruhda boshlaganlarning asosiy qismi ta’limning birinchi oyidayoq “taslim” bo‘ladi yoki o‘zini yuqoridagi kabi bahonalar bilan alday boshlaydi.

Tilni o‘rganish uchun insonda ishtiyoq bo‘lishi va bu ishtiyoq aniq bir maqsaddan kuch olishi kerak. Aytaylik, o‘qishga kirish, magistratuda o‘qish, xorijiy davlatda yuqori maoshga ishlash…

Albatta, maqsadning ko‘lami ishtiyoq darajasini ham belgilaydi. Masalan, buyuk shifokor bo‘laman, davosi yo‘q dardlarga shifo topaman, degan maqsad bilan o‘qigan talaba, hech bo‘lmaganda, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi. Shunchaki, odamlarni davolab kun ko‘raman, deb maqsad qilgan talaba esa yaxshi natijaga erishmaydi. Bundaylar uchun o‘z ustida ishlash ham azobdek tuyuladi. Ayni misol “Nima uchun ayrimlar to‘rt yil xorijiy tillarga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasida o‘qib ham chet tilida erkin gapira olmaydi, ba’zilar esa maktabdayoq bir nechta xorijiy tilni o‘zlashtiradi?”, degan savolga javob bo‘la oladi. 

Tilni tez o‘zlashtirish uchun...

Mavzuni o‘rganish davomida juda ko‘p manbaalarga murojaat qildik. Xorijiy tillarni tez va oson o‘rganish bo‘yicha ishlab chiqilgan turli usullarni o‘rgandik. Qaysidir ma’noda ularning barchasi samarali hisoblanadi. Biroq yakuniy xulosani biz emas, ayni usullarni o‘zida sinab ko‘rgan va ma’lum natijaga erishganlar berishi kerak, degan xulosaga keldik.

Diyora TO‘YChIYeVA,

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 40-umumta’lim maktabining

7-sinf o‘quvchisi, IELTS imtihonidan 7 ball olgan:

— Ingliz tiliga qiziqishim xorijiy tildagi multfilmlarni tomosha qilishdan boshlangan. Ularni tushunishni, multfilm qahramonlari gapirayotgan tilda gapirishni juda istardim. Keyinchalik bu qiziqish menda xorijiy oliygohda o‘qish ishtiyoqini uyg‘otdi. Shu tariqa 3-sinfligimdan ingliz tilini o‘rgana boshladim. O‘tgan yili IELTS imtihonida bilimimni sinab ko‘rib, 7 ball oldim. Hozir bu ko‘rsatkichni 8 baldan oshirishga harakat qilyapman. Ko‘pchilik tilni tez o‘rganish uchun yod olingan so‘zlarni ko‘p marotaba takrorlash kerak, deb aytadi. Lekin men yod olgan so‘zlarimni deyarli takrorlamayman. Aksincha, yangi o‘rganayotgan so‘zlarim ishtirokida qiziqarli voqealar o‘ylab topaman va bu voqealarni ingliz tiliga tarjima qilaman. Har gal kerakli so‘zni eslashimga to‘g‘ri kelsa, u bilan bog‘liq voqeani xotirlayman. Bu usulni ishlatish uchun xorijiy tildagi multfilm va kinolarni ko‘rish hamda undagi voqealarga oid ibora va so‘zlarni eslab qolish qo‘l keladi.

Kamronbek ISOYeV,

Samarqand shahridagi 50-umumta’lim maktabining

11-sinf o‘quvchisi, IELTS imtihonidan 8 ball olgan:

— Ingliz tilini 10 yoshimdan o‘rganib kelaman. Bu shuncha yil davomida tinimsiz repetitorga qatnadi, degani emas. Ochig‘i, maktab dasturi bilan ham tilni yaxshi o‘rganish mumkin. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha sertifikat olishni maqsad qilganlar uchun kerak. Xorijiy tilni har kim o‘rganishi mumkin. Yosh, jins va boshqa omillar bu yerda ahamiyatsiz. Shaxsan men darsdan keyin xususiy til o‘rgatish markazida dars beraman. Talabalarim orasida yoshi kattalari ko‘p. Ular oldiga aniq maqsad qo‘yganligi uchun ham yaxshi natijalarga erishmoqda. Tilni tez o‘rganish masalasiga kelsak, men har tongni yangi o‘zlashtirgan so‘z va iboralarimni takrorlash bilan boshlayman. Bu xotirani mustahkamlab, yanada ko‘proq ma’lumotlarni eslab qolishimga yordam beradi.

Xorijiy tilni bilish nima beradi?

— Xorijiy tillarni o‘rganish bugun har qachongidan ham manfaatli bo‘lib qoldi, - deydi Samarqand davlat chet tillar instituti kafedra mudiri, dotsent Akram Shermatov. - Boisi barcha chet davlatlarga yo‘l ochildi, savdo-sotiq, mehnat mehratsiyasi uchun yangi bozorlar o‘zlashtirilmoqda. Qolaversa, yurtimizda ham til bilganlarga qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi. Masalan, til bilish bo‘yicha tegishli sertifikatga ega talabalar oliygohga imtiyoz asosida qabul qilinadi, til biluvchi kadrlar ishga kirishda ham ustunlikka ega. Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Masalaning yana bir jihati, ilgari tilni bilishdan manfaat kam edi. Masalan, maktabda ingliz tilini yaxshiroq o‘zlashtirgan yoshlar nari borsa, biron pedinstitutning shu til bo‘yicha fakultetida o‘qib, yana o‘sha maktabiga o‘qituvchi sifatida qaytib borar edi. Hozir buning aksi. Hatto xorijiy tilni bilish serifikatiga ega har qanday o‘qituvchi ham oyligiga ustama olmoqda. Bu esa chet tili o‘qituvchilarining jamiyatimizdagi nufuzini bir necha barobarga oshirdi.

Pedagog sifatida shuni aytishim mumkinki, ayni kunda biror xorijiy tilda so‘zlashishni o‘rganish uchun pul sarflash yoki oliygohda o‘qish shart emas. Bu ishni uy sharoitida, internetdan maqsadli foydalangan holda ham amalga oshirish mumkin. Men shu tartibda xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan odamlarni taniyman. To‘g‘ri, ba’zilar tezroq sertifikat olish uchun til o‘rgatish markazlariga qatnaydi. Tajribamdan bilamanki, oldiga aniq maqsad qo‘ygan, izlanuvchan inson bu markazlarda o‘qib, 6 oyda sertifikatni qo‘lga kiritishi mumkin. Ular 3 oyda o‘rganayotgan xorijiy tilida gapirishni boshlaydi. Faqat buning uchun iroda va kuchli ishtiyoq bo‘lishi zarur.

Maqola yakunida vengriyalik professional tarjimon, poliglot Kato Lomb tajribasiga e’tiboringizni tortmoqchimiz. U ko‘p tillarni darslik, lug‘at va badiiy adabiyotlar ustida ishlab, mustaqil o‘rgangan. Ingliz, fransuz, nemis, rus tillarida erkin (ona tili — vengr tili darajasida) gapirgan, o‘qigan, yozgan. Italyan, ispan, yapon, xitoy, polyak tillarini yaxshi tushungan va so‘zlashgan. Bolgar, rumin, slovak, ukrain, lotin tillarida lug‘at yordamida mutolaa qila olgan.

Kato Lomb o‘zining til o‘rganish tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, bu yo‘lga kirganlarga til bilan har kuni shug‘ullanishni maslahat beradi. Uning ta’kidlashicha, vaqti tig‘iz inson ham hech bo‘lmaganda kuniga 10 daqiqani til o‘rganish uchun ajratishi kerak. Shuningdek, u hech bir so‘zni asosiy matndan alohida yodlashga urinmasligi, hayotda ko‘p ishlatiladigan iboralarni yodlashi, ko‘chada ko‘zi tushgan hamma narsani xayolan tarjima qilishga harakat qilishi kerakligini uqtiradi.

Xorijiy til — bir paytning o‘zida hamma tomonidan hujum qilinib, zabt etilishi lozim bo‘lgan qal’a, deydi Kato Lomb. Gazetalar o‘qish, radio tinglash, tarjima qilinmagan filmlarni tomosha qilish, xorijiy tildagi leksiyalarda qatnashish, qo‘llanmalardan foydalanish, xorijliklar bilan yozishmalar olib borish – bularning barchasi tilni tez va mukammal o‘rganish uchun asos hisoblanadi.

Til o‘rganish uchun kechikkanligini vaj qiluvchilarga yana bir fakt: 86 yoshli Kato Lomb 54 yoshli tanishini uchratib qolganida unga shunday degan ekan: “Stiv, sen juda yoshsan! Hali qancha tilni o‘rganishing mumkin-a!”.

Doimgidek xulosani o‘zingizga qoldiramiz. Faqat endi siz bilgan bahonalar ishlamasligini, vijdoningiz oldida himoyasiz ekanligingizni unutmang. Maqoladan keyin biror xorijiy tilni o‘rganishga ahd qilgan bo‘lsangiz, safimizga xush kelibsiz.

Asqar BAROTOV.