Til - taqdir demak, tilning tirikligi xalqning mavjudligidir

Ushbu maqolani taniqli tilshunos olim Bozorboy O‘rinboyev 1993 yilda yozgan. Unda yuritilgan fikrlar hali-hamon dolzarb.

Tilsiz xalq yo‘q. Til va xalq jon ila tan. Bu qaror topgan va himoya qilingan tuproq Vatandir, O‘zbekiston o‘zbek xalqi va tili uchun ana shunday tuproq – Vatandir.

O‘zbek tili O‘zbekistonda muomalada bo‘lmasa, himoya qilinmasa va ravnaq ettirilmasa, xo‘sh, u qayerda ishlatiladi, kimlar himoya qiladi va qanday rivojlantiriladi?

Institutimizdagi ayrim domlalar o‘zbek tili va adabiyoti o‘rniga rus tili o‘qitilsin, demoqdalar. Bu bilan o‘zbek yigit va qizlariga rus tilini bilmasang kooperativ institutida o‘qimaysan, degan hukm chiqarmoqdalar. Hatto ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarini hanuz rus tilida o‘qitmoqdalar. Buning ustiga tanaffus paytida o‘zbek tilidagi so‘zlashuvni kamdan-kam uchratamiz. Ko‘pchilik yozuvlarimiz rus tilidadir. Har bir tilni o‘rganish uchun til muhiti kerak.

Xo‘sh, O‘zbekistonda o‘zbek tiliga davlat maqomi berilishidan respublikamizda yashovchi boshqa xalqlarga chindan ham noqulay holat yuzaga kelarmikan? Bu savolga javob berish uchun ehtiroslarga sirayam berilmasdan faqat faktlarga murojaat etamiz.

1990 yilgi ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 72,5 foizini o‘zbeklar tashkil etadi, 10,8 foizi ruslar, 4,2 foizi tatarlar, 3,9 foizi tojiklar, 1,9 foizi qoraqalpoqlar, 1,1 foizi koreyslar, 0,9 foizi qirg‘izlar, 0,8 foizini ukrainlar, 0,7 foizi yahudiylar va boshqa millat vakillari tashkil etadilar.

O‘zbekiston aholisining 95 foizi o‘zbekchani biladi. Demak, shunday ekan, o‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qilinishi – qonuniy asosga ega.

Ona tilisiz tafakkur erkinligi bo‘lmaydi, tafakkur erkinligisiz esa xalqimiz turg‘unlik botqog‘idan chiqa olmaydi.

Til – millat vakillarini mustahkam birlashtiruvchi, tutib turuvchi belbog‘ demak, bu ramziy belbog‘ning kuchu qudrati uni tashkil etuvchi tolalar – sizu bizning ona tilimizga munosabatimizga bog‘liqdir.

Ma’lumki, biz milodiy ikkinchi ming yillikka o‘zbek bo‘lib kirib kelgan edik. XX asrga ham o‘zbek bo‘lib qadam qo‘yganmiz, chunki o‘zbek tilida gapirdik va yozdik.

Milodiy XXI asrga ham o‘zbek bo‘lib kirib boraylik, buning uchun o‘zbek tilida gapirishimiz va yozishimiz kerak. Shu tilni asrlardan asrlarga sog‘u-salomat olib o‘tish sizlaru bizlarning tarixan taqdirimizdir.

Bozorboy O‘RINBOYeV, (1993).

***

Taniqli tilshunos olim Bozorboy O‘rinboyev hayot bo‘lganida bugun 89 yoshga to‘lardi.

B.O‘rinboyev 1936 yil 3 iyunda Jomboy tumani G‘azira qishlog‘ida tug‘ildi. Samarqand tojik pedagogika instituti va Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi. Mehnat faoliyatini Jomboy tumani maktablarida o‘qituvchilikdan boshladi. Keyinchalik ilmiy bo‘lim mudiri, direktor bo‘lib ishladi.

SamDU aspiranturasida tahsil olgach, katta laborant, Qarshi pedagogika instituti dotsenti, Samarqand pedagogika instituti dotsenti, kafedra mudiri, dekan, prorektor va rektor lavozimlarida ishladi.

Jizzax pedagogika instituti rektori bo‘lib ishlagach, 1992 yilda Samarqandga qaytdi va SamDU, Samarqand kooperativ instituti, Samarqand chet tillar institutlarida kafedra mudiri bo‘lib ishladi, bu davrda o‘zbek tili rivojiga katta hissa qo‘shdi.

Olim, O‘zbekiston va SSSR xalq ta’limi a’lochisi Bozorboy O‘rinboyev 2014 yilda vafot etdi.