Tilanchilik – Samarqand yuzidagi dog‘. Bu huquqbuzarlik jamoat tartibini buzishiga yo‘l qo‘yilmaydi

Bunday turdagi huquqbuzarlik uchun mingdan ortiq odam ichki ishlar bo‘limlariga keltirilgan. Ularga tegishli tartibda javobgarlik choralari belgilangan.

Qayd etish lozim, qonunchilikda tilanchilik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.

Bu haqda viloyat IIB PPX va JTSB boshlig‘i Jonibek Samandarov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, patrul-post xizmati joylarda jamoat tartibini saqlashda asosiy xizmat organlaridan biri. Shu bois viloyatda patrullik xizmatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, shu jumladan, zamonaviy axborot texnologiyalarni joriy etish borasida qator ishlar olib borilmoqda.

- Hududidagi tezkor vaziyatdan kelib chiqib, patrul-post xizmati bataloni naryadlari Samarqand, Urgut va Past Darg‘om tumanlariga hamda ShHTning navbatdagi sammiti ishtirokchilari tashrifi rejalashtirilgan ob’yektlar atrof-hududlarida jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlashga jalb etib kelinmoqda, - deydi J.Samandarov. – Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida naryadlar tomonidan 23 ta jinoyat bevosita fosh etilishi, 117 ta jinoyatning oldi olinishi ta’minlanib, 15 nafar jinoyat sodir etib, qidiruvda bo‘lgan hamda 2 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs aniqlandi.

Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etgan 17317 nafar shaxsga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

- Prezidentimizning 2021 yil 29 noyabrdagi“O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va amalga oshirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida Kattaqo‘rg‘on shahrida Kattaqo‘rg‘on shahri, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi patrul-post xizmati bo‘linmasi uchun mahalliy byudjet hisobidan 25 ta shtat birligi hamda xizmatda foydalanish uchun 12 ta avtotransport vositasi ajratilishi rejalashtirilgan, - deydi J.Samandarov. - Shuningdek, viloyat IIB JXX jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati bataloni tarkibida 11 nafar xodimdan iborat otliq guruhi tashkil etildi.

Hozirda patrul-post xizmati xodimlarini maxsus axborot bazasiga integratsiya qilingan planshet hamda bodikamera bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda.

 

Yo.Marqayev.