Tilimiz qadimiy terminlarga boy

Ushbu maqolada tilimizning keng imkoniyatlari, uning naqadar boyligini qadimiy uysozlikning bir misoli sifatidagi keltirib o‘tamiz.

Ma’lumki, O‘tov juda qadimiy, madaniy-ma’naviy, moddiy-ashyoviy meros hisoblanadi. U bir tomondan, juda uzoq o‘tmishdagi ajdodlarimizning yashash tarzini ifoda etuvchi, ikkinchi tomondan, madaniy hayotning yana bir shakli sifatida hozirgacha turli hududlarda yashab kelayotgan va shu yerliklar uchun qulay uysozlik namunasining bir ko‘rinishi o‘laroq qadriyat sifatida qarashni taqozo etadi.

Aytish lozimki, o‘tov bo‘yicha olib borilgan kuzatishlar etnografik xarakterdagi tadqiqotlarda markaziy o‘rinda bo‘lib kelgan. B.X.Karmisheva, M.V.Sazonova, Q.Shoniyozov, I.Jabborov o‘zbek xalqi, N.A.Kislyakov, D.Kshibekov qozoqlar, N.L.Jukovskaya, L.L.Viktorova mongollar, Ye.M.Toshakova oltoy xalqlari, T.I.Sultanov Orolbo‘yi xalqlari, G.M.Isxakov uyg‘urlar, A.Orazov turkmanlar, S.M.Abramzon qirg‘izlar haqidagi ishlarida xuddi shu masalaning xalq hayoti va turmush tarzidagi ahamiyati, qadriyatlar sirasidagi o‘rni xususida so‘z yuritadilar.

O‘tovsozlikka xos so‘z va terminlar ona tilimiz leksikasida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Afsuski, mazkur soha leksikasiga oid so‘z va terminlar shu paytgacha bo‘lgan lug‘atlarda to‘lasincha o‘z aksini topmagan. Ushbu yo‘nalishda B.To‘ychiboyev, E.Umarov, I.Haqqul, M.Abdiyevlarning yo‘l-yo‘lakay e’lon qilgan maqolalarini hisobga olmaganda, tilshunoslik fani nuqtai nazaridan tadqiqot ob’yekti bo‘lgan emas. Shu bois ham o‘tovsozlik bilan bog‘liq so‘z va terminlarning lisoniy xususiyatlarini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘tovsozlik leksik sistemasi haqida so‘z borar ekan, dastlab ushbu termin haqida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.

Ma’lumki, shakldoshlik so‘zlararo polisemiyaning barham topishi yoxud muayyan so‘z fonetik tarkibida yuz beradigan o‘zgarish (va b.) tufayli yuzaga keladi. Bu jihatdan mavzumizga aloqador bo‘lgan o‘t omonimi xarakterli bo‘lib, u haqdagi dastlabki ilmiy qaydlar M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida keltiriladi: ot – o‘t, olov; ot – (o‘t, o‘simlik), ot (hayvonlar yeydigan har turli o‘t, xashak), ot (dori, davo), ot (og‘u, zahar). Bir o‘rinda muallif őrt so‘zini o‘t, yong‘in tarzida izohlab o‘tadi. Bundan ko‘rinadiki, olov ma’nosidagi őt so‘zi őrt tarkibidagi r tovushining tushib qolishi natijasida boshqa so‘zlar bilan shakldoshlik kasb etgan. Shunday xulosa ilmiy adabiyotlarda ham mavjud: “Hozirgi o‘t so‘zi o‘tmoq fe’lining o‘zagi kabi yangi ma’no bilan boyigan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, olov ma’nosidagi o‘t so‘zi tamoman boshqa o‘zakdir. Mahmud Koshg‘ariy bu so‘zning aslini o‘rt deb ko‘rsatadi”.

Albatta, o‘t – 1. O‘simlik; 2. Xashak 3. O‘t qopchasi; 4. Harakat; 5. Olov; 6. Dori paradigmasida o‘tov bilan aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lganlari 1 va 5-raqamli leksemalardir.

Ma’lumki, o‘t (o‘simlik)ning o‘tov bilan aloqador tomonlari haqida, aytish mumkinki, ko‘chmanchilik hayotida chorvadorlar turmush tarzi, yashash  manbai -  chorvasi uchun  o‘t (o‘simlik) hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Biroq maishiy, tabiiy, ruhiy ehtiyojlarga ko‘ra uning hayoti o‘t-olov bilan bog‘liq edi. Shu ma’noda, o‘t (o‘simlik) – o‘tloq //o‘tlov – o‘tov tarzidagi  etnogenetik jarayon haqiqatga mos kelmaydi. Binobarin, o‘tov so‘zining asosi ko‘proq olov  tushunchasi bilan aloqador, desak to‘g‘riroq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Zero, o‘t so‘zi bilan aloqador ayrim tarixiy, shuningdek xalq so‘zlashuv nutqiga oid leksemalarda uning izlarini ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizning o‘tovsozlik mavjud hududlaridan biri hozirgi Qashqadaryo qipchoqlari nutqida qo‘llanadigan qo‘shni,  yaqin masofada yashaydigan ma’nolaridagi  o‘tomish so‘zi  aslan o‘tolish o‘tolmisho‘t almashish (mumkin bo‘lgan masofada yashovchi) ma’nosida bo‘lib, u hozirgi, o‘zining  antonimi bo‘lgan hamsoya so‘zining tarixiy ma’nodoshidir.

“Shajarai turk”da o‘tov so‘zining etimologiyasiga oid qaydlar uchun xarakterli bo‘lgan ayrim ma’lumotlar ham mavjud. Jumladan, ushbu parchani olib qaraylik: “kenjani mug‘ul o‘tjikin der. O‘tjikinning ma’nosi o‘t egasi temak bo‘lur. Aning uchun o‘zga o‘g‘lonlarni evlanturub, uzata-uzata evda yakka kenja qolur. Taqi otasining o‘choqining egasi bo‘lur”.

Shu o‘rinda “o‘t egasi”, “o‘choq egasi” birikmalari tarkibida kelgan o‘t va o‘choq leksemalarining lingvistik aloqasi masalasiga izoh berib o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumki, t>ch almashinuv jarayoni til  hodisalari tarixiy taraqqiyotidagi o‘zgarishlar yoritilgan ilmiy adabiyotlarda qayd etiladi. Chunonchi, “turkiy tillarda  t>ch jarayoni ham ancha qadimiy. Qadimgi turkiy til davrida ekinti – ikkinchi so‘zi tartib son ma’nosida qo‘llangan bo‘lib, eski turkiy til davriga kelib t>ch hodisasi amal qildi”, degan fikrni bildirar ekan, B. To‘ychiboyev misol tariqasida chodir so‘zining chatir – chachir – chashir shakllariga ham murojaat etadi [Қаранг: Тўйчибоев, 57-59]. “Devonu lug‘otit turk”da keltirilgan izohlardan biri ham fikrimizni dalillaydi: “otag‘ – chodir, o‘tov” [III, 226]. Chunki bu yerda ham asos o‘t (olov)dir. Qo‘shilmaga kelsak, ag‘ qo‘shimcha emas, balki alohida so‘zdir. Shu o‘rinda ushbu misol yanada xarakterlidir: Otag‘qa őpkäläb sÿgä sözlämädÿk–chodirdagi hamrohlaridan xafa bo‘lib, so‘ng askarlar bilan so‘zlashmadi [III, 226]. Bu o‘rinda otag‘ metonimik ko‘chish asosida shaxs tushunchasini ifoda etadiki, natijada biz mazkur so‘zning aloqadorlik negizida qurdosh, safdosh kabi ma’nolar mavjudligini ilg‘aymiz. Bular ham olov bilan bog‘liq mazmunga ega. Ya’ni bir nuqtaga:  ot (olov)+ag‘ (i) //adag‘i //atrofiga jam bo‘lganlikni bildiradi.

O‘tovsozlik leksikasi sirasiga kiruvchi lingvistik birliklarning qadriyat sifatidagi ahamiyatiga e’tibor qaratilgan adabiyotlar va lug‘atlardaning deyarli barchasida o‘t (olov) yoqiladigan joy – o‘chog‘ o‘tovning markazida bo‘lishi ta’kidlanadi. Bu bejiz emas, chunki o‘tov ichidagilar aynan uning atrofida jam bo‘lishgan. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan esa, o‘chog‘ so‘zining o‘zi ham ikki mustaqil ma’noli qism (õt-o‘t va čuk-chuqur) birikuvidan tarkib topgan bo‘lib, struktur-etimologik xususiyatiga ko‘ra očaq < õčak < õtčuq < hõtčuk tarzida shakllanganligi, u “turar joy, uy”, “oila”, “sulola” ma’nolarini ham kasb etganligi tadqiqotlarda asosli ta’kidlangan.

Uchinchidan, av //ag‘ so‘zlari avul //ovul uchun asos bo‘lgan. Bunda o‘t (olov) atrofida yig‘ilmoq mazmunidagi so‘zdan avul jamlovchi oti yuzaga kelgan. U turkiy tillardagi eng qadimiy so‘zlardan biri bo‘lishi mumkin. Aks holda, ovulning dastlabki shakli deb qaralayotgan ag‘il so‘ziga izoh bera turib, M. Koshg‘ariy quyidagi ehtimoliy fikrni bayon etmagan bo‘lar edi: “Ag‘il – og‘il; qo‘yning og‘ilxonasi; o‘g‘uzlar qo‘yning qiyini ag‘il deydilar. Bir-biriga yaqin turishi natijasida kelib chiqqan” [I, 103]. Bunday fikr toponimik, etnografik yo‘nalishdagi ilmiy manbalarda ham qayd etiladi. Chunonchi, T.Nafasovning ta’kidlashicha, “Ovul / Ovul... mo‘g‘ul va turkiy tillarga oid qadimiy so‘z... Bu so‘zning turkiy tillardagi ma’nolari qishloq, o‘tovlar to‘dasi, qora uylar tikilgan joy, ko‘chmanchilar manzili, mazil, qarorgoh; turk tili dialektlaridan birida qabila. E.V.Sevortyanning yozishicha, bu so‘zning qadimiy shakli a:g‘il o‘rin-joy ma’nosini bildiruvchi – (a~u~i) l qo‘shimchasi qo‘shilgach, qo‘shimcha tarkibidagi unli ta’sirida g‘>v/y tovush o‘zgarishi yuz bergan: ag‘+al/ul/il – ag‘il> avul/ovul/aul/avel/avil/ayil”. Ovul qadimgi turkiy tildagi to‘pla- ma’nosini anglatgan a:g‘ – fe’lining a:v shaklidan joy ma’nosini ifodalovchi –(u)l qo‘shimchasi bilan yasalganligi “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da ham aytilgan.   Janubiy hududlar o‘zbek shevalari bo‘yicha tuzilgan lug‘atlarda ham avil o‘tovlar to‘dasi ma’nosini berishi ko‘rsatiladi: “Avil – ovil, 5-4 tadan ortiq o‘tov tikilgan qishloq, ovul”.

To‘rtinchidan, “turkiy tillar tarixida b undoshi ham ayrim  fonetik hodisaga uchragan. Chunonchi, qadimgi turkiy  til davridayoq ba’zan b>w jarayoni sodir bo‘la  boshlagan: əb – əw – uy, yablaq – yawlaq –juda... Eski o‘zbek tili davriga kelib bu fonetik jarayon b>w>v>y tarzda bosqichma-bosqich tadrijiy taraqqiyot bosqichiga yetgan edi. Shuning uchun sub>suw>suv// suy, /əb/>əv>/əv uy tarzidagi shakllarning oxirgi y ko‘rinishi iste’molda edi. Darhaqiqat, bunday jarayonning bosqichini hozirgi turkiy tillardagi uy, tuyə tarzdagi so‘zlarning shakllariga qarab ham belgilash mumkin”.

Ko‘rinadiki, temin tarkibi: o‘t 1 (olov) + ov 2(av) (yig‘ilmoq) = o‘tov 3 (olov atrofida yig‘ilmoq; uyushmoq) tarzida hozirgi shakliga ko‘ra, o‘tov leksemasi ikki so‘z o‘t va ov birikishidan hosil bo‘lganligi ehtimoldan holi emas. Tabiiyki, so‘zning ikkinchi qismidagi o‘zgarish quydagi tartibda kechganligi ma’lum bo‘ladi: O‘t+ ew // ev //aw//av//ov = uy.

Shunday qilib, taraqqiyot so‘nggi bosqichida yuzaga kelgan uysozlik jarayonida mazkur termin birinchi qismi “asosiy  plandan chekindi”. Binobarin, so‘zning ikkinchi qismi uy shaklida yangicha yashash tarziga qadam qo‘ygan  lingvistik qadriyat hisoblanadi.

H.BERDIYeV,

Z.AShUROVA.