Tilni texnika orqali emas, mehr bilan o‘rgating!

Yaqinda bir tanishimnikiga mehmonga bordim. Dasturxon atrofida anchagina suhbat qurdik. 3 yoshli bolasi sal narida, divanda o‘tiribdi. Qo‘lida telefon. U o‘ynab o‘tirgani yo‘q, ekranga jim tikilgan, ko‘zlari qisilgan, yuzi his-tuyg‘usiz.

— Nega bolaga telefon berib qo‘ygansiz? — deb so‘radim.

— Til o‘rganyapti, — deb javob berdi tanishim. — Yutubdan inglizcha multfilm ko‘ryapti. Ham tinchgina o‘tiribdi. Telefonni olib qo‘ysam, xarxashani boshlaydi. Gapni gapga qo‘shmaydi. E’tibor berma.

Keyingi vaqtlarda bunday bahonalar quloqqa tez-tez chalinyapti. Ko‘pgina ota-onalar bolalarga nurli ekranni tutqazib, “til o‘rganyapti”, “intellektual o‘yin o‘ynayapti”, “o‘zi o‘rganadi” deydilar. Bir qarashda bu juda zamonaviy va rivojlangan ta’lim usuliday ko‘rinadi. Aslida-chi?

Bolaning til o‘rganishida multfilm emas, jonli muloqot yaxshi samara beradi. Ya’ni so‘zni eshitish, so‘rash, anglash, taqlid qilish, shuningdek, qo‘li, yuzi va ko‘zi bilan his qilish lozim. Bu jarayonda bolaga jonli muhit, mehr, sabr va ishtiyoq kerak.

Telefon esa bunday muhitni bera olmaydi. U faqat bir tomonlama oqim — ekrandan bolaga. Javob yo‘q, harakat yo‘q, munosabat yo‘q. Balki bir-ikkita so‘zni eshitar, lekin uning chuqur ma’nosini, ifodasini, hayotdagi o‘rnini anglamasligi aniq.

Eng achinarlisi — biz telefon berib, uni “o‘qityapmiz” deb o‘ylaganimizda, u bola jim turishga, harakat qilmaslikka, bemaqsad ekranga tikilishga ko‘nikyapti. U tilni emas, yolg‘izlikni o‘rganyapti. Bu — ta’lim emas, balki ko‘z uchun, aql uchun va bolalik uchun jiddiy xatar.

Bola tilni so‘zlardan emas, inson munosabatidan, hissiyotdan, taqlid va harakat orqali o‘rgansa maqsadga muvofiq. Masalan, u “apple” so‘zini shunchaki telefon yoki kompyuter ekraniga qarab o‘rganishdan ko‘ra, olmaning o‘zini ushlab, uning hidi, ta’mi, rangini his qilib o‘rgangani ko‘proq foyda. Ekranda so‘z bor — lekin munosabat yo‘q. Talaffuz bor — lekin tuyg‘u yo‘q. Quyuq ranglar bor — lekin harakat va jonlilik yo‘q.

Qizig‘i shundaki, telefonni “o‘quv quroli” deb bergan ota-onalar uning salomatlikka salbiy ta’siri haqida teranroq o‘ylamaydilar. Ko‘plab oftalmolog olimlar - ko‘z mutaxassislari olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, telefon, planshet va kompyuter ekranlari bolalarning ko‘zi, asab tizimi va umumiy rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularning tavsiya qilishicha, bola 2 yoshgaga umuman ekranga qaramasligi zarur. 2 yoshdan 5 yoshgacha bir kunda 30 daqiqadan oshmasligi va u ham faqat tarbiyaviy maqsadda, kattalar nazoratida foydalanishi talab qilinadi. 5 yoshdan 7 yoshgacha kuniga 1 soatdan ko‘p bo‘lmasligi, ekrandan foydalanishda har 20 daqiqada 20 soniya tanaffus va kamida 6 metr uzoqlikka tikilish tavsiya qilinadi. 7 yoshdan keyin ham o‘qish, ta’lim va qiziqishlarga ko‘ra, ekran vaqti cheklangan va muvozanatli bo‘lishi kerak. Aks holda, bola ko‘z va asab charchog‘iga duch kelib, o‘qish va muloqot qobiliyati sustlashadi.

Til o‘rgataman deb bolaning bolaligini o‘g‘irlab qo‘ymaslik kerak. U tilni jonli muloqot va mehr orqali o‘rganishi kerak, texnika vositalarida emas. Sog‘lom va samarali til o‘rganish uchun mehrli muhit, sabr va inson munosabatlari muhimdir.

Sevara MAMADIYoROVA,

SamDChTI o‘qituvchisi.