Tilshunoslik fanlarining o‘qitilishi
Bundan 600 yil muqaddam Samarqand madrasai oliyasida tilshunoslik ilmiga ham alohida e’tibor bilan qarashgan. Tadqiqotchi K.Kattayev ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha davrda Ulumi mudavvana (ilmlar tartibi) deb atalgan ilm turlari tarkibiga Ilmi adab – filologiya mavjud bo‘lib, u 12ta alohida ilmlar majmuining umumiy nomi hisoblangan. Unda tilshunoslikka oid lug‘at, sarf, nahv kabi fanlar ham o‘rgatilgan. Shuningdek, Ilmi lison – tilshunoslik, Ilmi lug‘at – lug‘atshunoslik fanlari ham o‘qitilgan. Madrasada o‘qitiladigan bu kabi fanlar esa tolibi ilmlarning til bilimlarini yaxshi egallashlari uchun xizmat qilganliklarini ko‘rishimiz mumkin.
Sarfu nahvda (arab grammatikasi): Sibavayh, Zamaxshariy, Ibn Hojib, Jomiy kabi allomalar tomonidan tilshunoslikka bag‘ishlab yozilgan asarlar asosiy dastur sifatida o‘qitilgan. Bunday murakkab va ayni paytda juda pishiq dastur asosida tuzilgan madrasaviy ta’lim davrini sabru qanoat bilan mukammal o‘tagan ilm tolibi albatta o‘z zamonasining yetuk olimi bo‘lib yetishgan.
Samarqand madrasai oliyasida turli tarixiy davrlarda tilshunoslik yoki til bilan bog‘liq bo‘lgan fanlar o‘qitilishning to‘xtab qolmaganligini milliy ma’rifatparvarlarimizning yirik vakili bo‘lgan Abdurauf Fitrat faoliyatida bevosita ko‘rishimiz mumkin. Ko‘pgina tarixiy ma’lumotlarda keltirib o‘tilganidek A.Fitratning 1927-1937 yillardagi faoliyati Samarqand bilan, xususan, universitet bilan bog‘liq edi. Uning “Tilimiz”, “Muqaddimatul-adab”, “Imlo konfrensiyasi munosabati ila”, “Sarf”, “Nahv” va shu kabi asarlarida bevosita tilshunoslik masalalari yoritilganligining guvohi bo‘lamiz. Olim o‘zbek tili morfologiyasi va sintaksisiga bag‘ishlangan “Sarf”, “Nahv” asarlari bilan o‘zbek tili grammatikasini ilmiy asosda o‘rganibgina qolmay, o‘zbek terminshunosligiga kesim, ega, to‘ldiruvchi, hol terminlarini ham olib kirgan. Shu asarlari asosida esa 1927-1929 yilarda Samarqand dorulfununida talabalarga ma’ruzalar o‘qiydi.
Bugungi kunda o‘zining olti asrlik yubileyini nishonlayotgan universitetimizda ham tilshunoslik fanlari o‘qitilib kelinmoqda. Muqaddas dargohda respublikada o‘z o‘rni va salohiyatiga ega bo‘lgan yirik tilshunos olimlar talabalarga bilim berib kelishmoqda. Bu esa Ulug‘bek madrasasi vorisi sifatida e’tirof etilayotgan Samarqand davlat universitetimizda XV asrdan boshlangan tilshunoslik bilimlari o‘qitishning uzviy davom etib kelayotganligini ko‘rsatadi.
B.Qodirova,
Samarqand davlat universiteti katta o‘qituvchisi.