Tilshunoslikka oid yangi tadqiqot

Mazkur risolada ayniqsa, ingliz tili globallashuvi jarayonining O‘zbekistonda aks etishi, ushbu tilning keng o‘rganilayotgani, turli sohalardagi kommunikativ munosabatlarda tutgan o‘rni, ijtimoiy maqomi va ta’lim tizimidagi mavqei chuqur tahlil etilgan. Har bir qismda standart til va uning variantlari munosabati, tilning ijtimoiy muhitga moslashuvi bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan ko‘rinishlari hamda ulardan og‘zaki va yozma muloqot sharoitlarida foydalanish imkoniyatlari atroflicha yoritilgan. Monografiyada ingliz tilining xalqaro muloqot vositasi sifatida qo‘llanishida yuzaga keladigan sotsiolingvistik va pragmatik holatlar izchil o‘rganilgani uning qimmatini yanada oshirgan.
"Ushbu ishda biz ingliz tilining O‘zbekistonda tarqalishi darajasi, uning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotida bajarayotgan vazifalari, turli jabhalarda undan foydalanish me’yorlarini o‘rganish, ingliz tilining milliy ta’lim tizimidagi o‘rni, uni o‘rgatish va o‘qitishga oid muammolari muhokamasiga alohida e’tibor qaratdik", deb yozadi muallif.
Bu bejiz emas, albatta. Ingliz tili jahon tili maqomiga ega tilga aylanmoqda. Dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlarida o‘qitilmoqda. Yaqin 10-15 yildan keyin uni biluvchilar soni 2 milliarddan oshishi hech gap emas. Jumladan, ingliz tili mamlakatimiz miqyosida ham keng ko‘lamda tarqalmoqda, u ta’lim tizimida yetakchi o‘ringa chiqishi bilan bir qatorda, tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ilm ahli va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatuvchi insonlar o‘rtasida ommaviylashib bormoqda. O‘zbekistonning dunyo mamlakatlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari, o‘zaro hamkorligi kengayib borayotganini nazarga olsak, monografiya yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Monografiya nazariy va amaliy tilshunoslik, sotsiolingvistika bilan qiziquvchi ilmiy xodimlar, tadqiqotchilar, til ta’limi mutaxassislariga mo‘ljallangan.