"Tinchlik uchun kurashmoq sharaf"
Bolaligimda dadam Jizzax shahriga sayohatga olib borgandi. Shahardagi oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurti yaqinida joylashgan oshxonalarning birida ovqatlandik. Yonginamizda bir guruh harbiylar ham tushlik qilayotgandi. Ular orasida kiyimi o‘ziga yarashgan bir ayol ham borligi e’tiborimni tortdi.
Unga havas qildim. Uyga qaytayotib, dadamga harbiy bo‘lish istagi paydo bo‘lganini aytganman.
Katta bo‘ldim. Orzuimni amalga oshirishga harakat qildim. O‘sha paytlar qizlarning harbiy bo‘lishi u yoqda tursin, uyidan uzoqroqdagi texnikum yoki institutda o‘qishi amrimahol edi. Ammo dadam meni qo‘llab-quvvatladi.
Bugun harbiy xizmatchiman. Turmush o‘rtog‘im shu sohadan pensiyaga chiqqan. O‘g‘lim ham izimizdan boryapti. Tinchlikni asrash, Vatanni himoya qilish oliy burch ekanligini oilaviy his qilamiz.
Keyingi yillarda harbiylar orasida ham ayollar safi kengayib boryapti. Vatanni himoya qilishda ular erkaklardan qolishmaydi. Ayol kishi uchun harbiy bo‘lish osonmas, ammo faxrli. Ayniqsa, dala o‘quv-mashg‘ulotlarida qatnashish o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.
Shunday vaziyatlar bo‘lganki, yosh farzandlarimni uyda yolg‘iz qoldirishga to‘g‘ri kelgan. Yaqin qarindoshlarimizning to‘y-ma’rakalarida qatnasha olmasdik. Chunki Vatan osoyishtaligi uchun har narsadan, hatto jondan voz kechib xizmat qilish – sharaf.
Xolida Xudoyberdiyeva, kichik serjant.