Tog‘da yo‘qolgan 4 yoshli qizcha ichki ishlar xodimlari ko‘magida topildi
2019 yilning 17 avgust kuni Jizzax viloyati, Forish tumani, Choshtepa qishlog‘ida yashovchi Zamira Qurolova 4 yoshli qizini yo‘qotib qo‘ydi. Ona 2015 yilda tug‘ilgan qizini o‘zi bilan birga toqqa chorva mollari boqish uchun olib chiqqan. Soat 17:00 lar atrofida ko‘zdan uzoqlashayotgan qoramollarini qaytarmoqchi bo‘lgan Zamira Qurolova qiziga “shu yerda qimirlamasdan o‘tir” deydi va yo‘lga chiqadi.
Ozroq muddatdan so‘ng qaytgan ayol bolasini qoldirgan joyida ko‘rmaydi va qidira boshlaydi. Topa olmagach, soat 19:00 larda hudud profilaktika inspektori Dilmurod Rahmatovga bu voqea haqida xabar beradi. Inspektor zudlik bilan qidiruvga aholini jalb qildi. Fuqarolar bilan birga Forish tumani IIB tergov-tezkor guruhi qizchani izlashga kirishdi. Qidiruvchilar guruhlarga ajralib, hududni ko‘zdan kechira boshladilar.
Tungi soat 00.20 minut o‘tganida qizaloqni yo‘qolgan joyidan 4-5 kilometr uzoqlikda profilaktika inspektori, katta leytenant Dilmurod Rahmatov topishga muvaffaq bo‘ldi. Qizchaning ozroq qo‘rqqanini aytmasa, sog‘ligiga ziyon yetmagan, ayni vaqtda onasining bag‘rida.
— Qizimni yo‘qotib qo‘ygach, 1 soatlar o‘zim qidirdim. Topa olmagach, qo‘rqib ketdim. Keyin bu haqda profilaktika inspektori Dilshod Rahmatovga xabar berdim. U qidiruv uchun odamlarni to‘pladi. Bolam yarim kechadan oqqanda topildi. Buning uchun qishloqdoshlarimdan, ayniqsa, qizimni topib bergan profilaktika inspektori Dilmurod Rahmatovdan minnatdorman.
Ma’lum bo‘lishicha, bola yolg‘iz qolganidan so‘ng onasini qidirib, boshi oqqan tomonga ketavergan. Qizchaning topilishiga yig‘isi sabab bo‘lgan. Ya’ni, qorong‘u tunda eshitilgan yig‘i profilaktika inspektori e’tiborini tortgan. Aytish kerakki, barcha tog‘li hududlardagi singari Forish tumanida ham bo‘rilar uchraydi. Shu ma’noda, qizaloqning qisqa muddatda topilgani uning hayotini asrab qolishga sabab bo‘ldi.
Jizzax viloyati IIB
axborot multimedia guruhi.