Tojikistondan keltirilgan qariyb 5 kg narkotik modda musodara qilindi
Navoiy viloyati Karmana tumanida «Spark» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganida, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Urganch tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan A.B.ning yonida 992 gr «gashish» moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
DXX va IIB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida u narkotik moddani Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1996 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan T.M.dan sotib olganligi ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olindi.
O‘z navbatida ushbu narkosavdogar ajal og‘usini Samarqand shahrida yashovchi fuqarolardan xarid qilganligi aniqlandi va uning ishtirokida nazorat ostida olish tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi.
Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan ayol X.X. va uning turmush o‘rtog‘i, 1982 yilda tug‘ilgan X.F. 2 kg 966 gr «gashish» moddasini 21 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida ushlandi.
Bundan tashqari, tezkor tadbir davomida Bulung‘ur tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan X.M. ham 954 gr «opiy» moddasini Samarqand shahrida sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Tekshiruvlar davomida ushbu giyohvandlik vositalari Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.