To‘lanmagan davlat boji bo‘yicha fuqarolarga tushuntirish berilgan

Shu yil 20 aprel kuni telegram kanalimiz va saytimizda “Men to‘lagan davlat boji qayerga ketdi?” nomli tanqidiy maqola e’lon qilindi. Unda ko‘tarilgan muammo bo‘yicha Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasidan javob keldi.

“Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining 2022 yil 9 noyabrdagi qarzdor Vohidov Alisherbek Zarifjon o‘g‘li va Mamatqulova Salomat Jumaboyevnadan undiruvchi “MUYINOVA MAZUNA ILXOMOVNA” yakka tartibdagi tadbirkor foydasiga solidar tartibda 849 000 so‘m asosiy qarz, 424 000 so‘m penya va 21 000 so‘m pochta xarajati, jami 1 294 000 so‘m undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Toyloq tumani bo‘limi ijro ish yurituviga 2022 yil 12 dekabrda kelib tushgan, - deyiladi javob xatida. - Shu kuni ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi tomonlarga yuborilgan.

Mazkur ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro harakatlari olib borish davomida davlat ijrochisining 2022 yil 24 dekabrdagi qarori bilan qarzdorlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chetga chiqish huquqlariga vaqtincha cheklov o‘rnatilgan. Qarzdor Vohidov Alisherbek Zarifjon o‘g‘li 15 kunlik ixtiyoriy muddat ichida qarzdorlikni to‘lamagan.

Keyingi ijro harakatlari jarayonida A.Vohidov ijro hujjatida ko‘rsatilgan qarzdorlikni belgilangan muddatda to‘lamaganligi sababli davlat ijrochisining 2022 yil 24 dekabrdagi qarori bilan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 198-1-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari, ya’ni 300 000 so‘m mikdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

Shundan so‘ng, 2023 yil 23 yanvarda qarzdor A.Vohidov tomonidan asosiy qarzdorlik va jarima summalari to‘langan va ijro ishi yuritish tamomlangan.

Bundan tashqari, A.Vohidov va S.Mamatqulovadan solidar tartibda davlat foydasiga 300 000 so‘m davlat boji undiruvi mavjud. 

Ushbu ijro hujjatlar yuzasidan 2023 yil 24 aprelda A.Vohidov va onasi S.Mamatqulova bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbat jarayonida ularga sud qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda uni bekor qilish yuzasidan sudga shikoyat qilishlari mumkinligi to‘g‘risida tushuntirish berildi”.