Tomorqa - qancha ekin ekib foydalansang, shuncha ziyoda bo‘ladigan xazina

Sovet ittifoqi vaqtida tomorqa deganda yilda bir jo‘xori sepib olinadigan yoki yillab bedazor bo‘lib “dam olib” yotgan chog‘roq ekin maydoni tushunilar edi.
Aholi asosan rizqini kolxoz dalalaridan terar, yaxshi meva ham, sabzavot, poliz ekinlari ham o‘sha dalalarda bo‘lar edi. Mabodo tomorqa egasi biror mahsulot yetishtirishga bel bog‘lasa ham, unga yer haydash uchun texnika yetishmas va o‘sha kolxoz texnikasiga murojaat etishga majbur bo‘lar edi. Texnikadan boshqa dehqonga yana urug‘lik, mineral o‘g‘it ham muammo bo‘lar, mabodo omadi kelib, bozorgirlik mahsulot yetishtirsa ham, keyinchalik uni sotish ham bir masala edi.
Yillar o‘tib, tomorqaga bo‘lgan o‘sha “sovuq” munosabat tamomila boshqa tomonga o‘zgara boshladi. Bugungi kunga kelib esa tomorqa nafaqat tirikchilik, balki tiriklik maskaniga aylangandek. Tomorqaning bizga namoyon bo‘ladigan iqtisodiy jihatidan tashqari, bugun u insonlar uchun maqsad, taqdir, orzular ro‘yobi, keng imkoniyat taqdim etadigan umidlar maydoniga aylangan.
- Bugun agrar sohada olib borilayotgan izchil islohotlar, yurtimizda dehqonchilik madaniyatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish, yerlarning unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bo‘lgan Sayxunobod tajribasi asosida tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali yaxshi daromad topayotgan minglab oilalar farovon hayot kechirmoqda. Bir paytlar tomorqalarda asosiy ekin beda bilan makka bo‘lib qolgan bo‘lsa, endilikda mehnat qilaman degan odamga sarxil meva-sabzavotlar yetishtirib, daromad olish, eksport qilish imkoni mavjud, - deydi O‘zbekiston Qahramoni Avaz Hosilov. - Aholiga yengillik maqsadida har bir mahallada bir nechtadan mini traktor, motokultivator berilgan. Tomorqada yetishtirilgan mahsulotni sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida tumanlarda eksportga ko‘maklashuvchi korxonalar ochilgan. Kooperatsiya asosida saqlash, saralash va qayta ishlash majmualari tashkil etilgan. Bularning barchasi aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash barobarida, yangi ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qilmoqda.
Ha, bugun aholi tomorqasi - to‘kinlikning bosh bo‘g‘iniga aylanib bormoqda. Bu borada viloyatimizdagi 899 ta mahalladagi 631 ming xonadon ixtiyorida 69 ming gektar tomorqa yerlari mavjud. Bugun samarqandliklar uchun bu tomorqalar- shunchaki egalik qilib olingan maydon emas, daromad va farovonlik manbaiga aylangan. Buni amalda isbotlab ulgurganlar ham talaygina. Ya’ni, viloyatda tomorqasi bor xonadonlarning qariyb 60 foizi undan yiliga uch marta hosil olishni uddalayapti. Shu asnoda hududda o‘tgan 2024 yilda 2,4 million tonna mahsulot yetishtirilgan.
Tomorqachilarni “boshini biriktiruvchi” loyiha - "Bir mahalla - bir mahsulot" tamoyillari asosida mahallalarni yuqori daromadli oziq-ovqat ekinlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha qilinayotgan amaliyot ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Shu maqsadda bugun viloyatdagi 750 ta mahallalar bir turdagi mahsulotlarni yetishtirishga ixtisoslashtirilmoqda. Misol uchun, Bulung‘ur tumanidagi 33 mahallada sarimsoqpiyoz va pomidor, Jomboydagi 23 mahallada sarimsoqpiyoz va bulg‘or qalampiri, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 41 mahallada qulupnay va malina, Oqdaryodagi 20 mahallada gulchilik, Nuroboddagi 21 mahallada parranda, Samarqanddagi 46, Toyloqdagi 30 mahallada ko‘kat, Paxtachidagi 35 ta mahallada sabzavot ko‘chatlari, pomidor, bulg‘or qalampiri yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Tomorqalarga suv boryapti
Albatta, tomorqa ekinlarini yetishtirishda urug‘lik, mineral o‘g‘it va zarur texnikalar bilan birga sug‘orish tizimi sozligi ham muhim o‘rin tutadi. Bu borada viloyatda tomorqa yer egalariga sug‘orish tizimida zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2020-2024 yillarda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 138 ta mahallada 317 ta katta hajmdagi artezian quduqlari qazib berilgan. Natijada 22 mingga yaqin xonadonning 2,3 ming gektar yer maydonida suv ta’minoti yaxshilangan.
Joriy yilda ham Prezidentimizning “Kambag‘allikdan - farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan hududlardagi sug‘orish tizimi og‘ir bo‘lgan 93 ta mahallada artezian quduq qazish, ariqlarni betonlash va suv tarmoqlarini tortish uchun 189 milliard so‘m ajratilmoqda.
Bu borada Narpay tumanidagi “Bolg‘ali” mahalla fuqarolar yig‘ini ekin yerlari ham suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardan sanaladi. Yuqoridagi qaror ijrosi yuzasidan ushbu mahalladagi sug‘orish tizimi yaxshilanmoqda.
- Mahallamizda 752 ta xonadon mavjud, - deydi mazkur mahalla hokim yordamchisi Keldiyor Ergashev. - Aholimizning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida mahallamizda artezian quduqlari qazilishi va mavjud ariqlarni betonlashtirish orqali xonadonlarning suv ta’minoti yaxshilanishini maqsad qilingan. Ilgari beda ekib, har o‘roqda zo‘rg‘a sug‘oriladigan tomorqalarimizga suv kelishi ortidan, turli ekinlar ekish, yuqori daromad olish imkoni yaratilyapti. Bundan aholi mamnun.
Tomorqa hadya etayotgan baxt
Ha bu kabi imkoniyatlardan foydalanib, o‘z tomorqasini gullatayotgan ushbu tuman mirishkorlari, avvalo, oilasi manfaati uchun va shu el uchun xizmat qilmoqda. Bu xayrli tashabbusni hukumat darajasida e’tirof etilishi esa tomorqa egalariga yanada shijoat bag‘ishlamoqda. Tumandagi tomorqa egalariga yaratilayotgan bu kabi yengilliklardan unumli foydalanayotgan Hakim Rasulov ham kaftdek yerdan samarali foydalanib, oilasi farovonligini oshirmoqda, bozorni arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.
- Yagona maqsadim, bozorlarimiz to‘kinligiga xizmat qilish, jannatmakon yurtimiz noz-ne’matlarini o‘zga o‘lkalarga ko‘z-ko‘z qilish, eksportni yo‘lga qo‘yishdan iborat - deydi “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, tomorqachi Hakim Rasulov. - 20 sotix tomorqam bor va yiliga uch martagacha ekin ekaman va oilam farovonligi ham shu tomorqa daromadidan. 2010 yildan boshlab tomorqamda gulkaram yetishtirishni boshladim. Tajribamdan ko‘rdimki, bu ekin mahallamiz iqlim sharoitiga to‘la mos keladi va yaxshi hosil beradi. Qolaversa, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahalladoshlarimga ham shu ekinni ekish, mahsulot yetishtirish, daromad olish yo‘llarini o‘rgatib, ko‘chatlarini tayyorlab beryapman. Hozirda mahallamizning o‘zida 60-70 dan ortiq oila gulkaram yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi va mehnati ortidan yaxshigina daromad topyapti. Tomorqalilarga, qolaversa, dehqon-fermerlarimizga ekin yetishtirishdagi tajribalarimga tayanib, sabzavot navlarini ekishni tavsiya qilaman. Mazkur navlarning hosildorligi xorijnikidan qolishmagani holda lazzatli, tez hazm bo‘ladi va pishadi, bioximiyaviy tarkibi foydali elementlarga boy. Qishloq xo‘jaligi, xususan, dehqonchilikka e’tibor, imkoniyatlardan yanada ko‘proq foydalanishimiz lozim.
Darhaqiqat, insonning niyati yaxshi bo‘lsa, u oddiy tomorqachi bo‘lsa ham elda e’zoz topadi, mehnati e’tirof etiladi. Aslida yurtimizning har bir qarich yeri bebaho. Unda mehnat qilgan kishi kam bo‘lmaydi, rizqini topadi.
“Ikkinchi non” dehqonning noni
Kartoshkachilik viloyatda asosiy drayver sohalardan biri hisoblanib, respublikada yetishtiriladigan kartoshkaning 25-30 foizi shu viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi. “Ikkinchi non” deya ta’rif beriluvchi kartoshka, bugun viloyatdagi ko‘pchilikning noniga aylangan. Hozirgi kunda Bulung‘ur, Jomboy, Toyloq, Samarqand va Urgut tumanlaridagi 173 mahalla kartoshkachilikka ixtisoslashgan. Joriy yil bahorda asosiy ekin sifatida 39 ming gektar (shundan 21 ming gektar fermer xo‘jaliklarida, 18 ming gektar aholi tomorqalarida) maydonda kartoshka ekildi. Endilikda ushbu maydonlardan 1 million 100 ming tonna kartoshka olish kutilmoqda.
- Bugun kartoshkani iste’mol qilmaydigan odam yo‘q. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda kartoshka yetishtirish 3-4 barobar ortganiga qaramay, iste’mol qilish miqdori yanada oshib ketdi. Kartoshka narxining o‘sishining oldini olishni birdan-bir yo‘li sabzavotchilik fermer xo‘jaliklarida va tomorqalarda kartoshka ekiladigan maydonlar miqdorini oshirish, qolaversa, hosildorlikni ko‘tarishdan iborat. Agar xo‘jaliklar o‘z oilasiga yetarlib darajasida kartoshkani tomorqasiga eksa, bozorda sotmaganida ham, kartoshkaga sarf etiladigan xarajatni iqtisod qilib qoladi. Meditsina tomonidan belgilangan talabga ko‘ra, bir kishi ovqatlanishi uchun zarur bo‘lgan kartoshkaning yillik miqdori 50,4 kilogrammni tashkil etadi. Ahamiyat qarating. Bir sotix yerdan kamida 400 kilogrammgacha kartoshka olish mumkin. Bu oiladagi 6-8 jonni kartoshkaga bo‘lgan talabini qondiradi, -deydi bulung‘urlik kartoshka yetishtiruvchi Muhammad Aliqulov.
Tomorqadan eksportga
Ha, bugun dunyoda organik mahsulotlarga talab o‘sib bormoqda. Yevropa va boshqa xorijiy mamlakatlarda tayyor sertifikatlangan organik mahsulotlar xaridorgir. Ma’lumot uchun, organik usulda yetishtirilgan 1 kilogramm uzum 9 dollardan, oddiy usulda yetishtirilgan uzum 1-5 dollargacha eksport qilinmoqda. Misol uchun, organik sertifikat ega bo‘lgan Ishtixon tumanidagi “Sunny Fruit Agroplus” MChJ tomonidan Zarband mahallasidagi 58 ta xonadondagi 7,5 gektar yer maydonida yetishtirilayotgan organik uzumlarni parvarishlab, sotib olib eksportga yubormoqda. Shu asnoda o‘zaro manfaatli hamkorlik vujudga kelyapti.
Tomorqachilik rivojining ahamiyati bugun nafaqat birgina oilaning moddiy manfaatiga, balki respublika iqtisodi yuksalishiga ham daxldordir. Xulosa o‘rnida aytganda, tomorqa - qancha ekin ekib foydalansang, shuncha ziyoda bo‘ladigan xazina, beminnat qo‘shimcha daromad manbai. Kimki yerni e’zozlasa, uni boqsa, u ham egasini boqadi.
Shuhrat Normurodov.