Tomorqa to‘qchilik va daromad manbai

Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 8 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida barcha fermer, klaster xo‘jaliklari, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerakligi ta’kidlandi. ”Bu yilgi murakkab sharoitni hisobga olib, barcha tomorqalarda ikki-uch marta ekin ekish, qo‘shimcha daromad qilish birinchi darajali vazifa bo‘lishi lozim” ekanligi aytildi.
Aksariyat oilalar bir yilda yerdan ikki-uch marta hosil oladi, 8-10 sotixlik tomorqasidan yiliga 50-100 million so‘mgacha daromad qilayotganlar bor. Tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanilishi ma’lum qilindi.
Darhaqiqat, bu yilgi pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda aholining tomorqadan samarali foydalanib, ro‘zg‘ori uchun kerakli barcha oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirib olish imkoniyati mavjud. Elimizning to‘qchiligi, bozorlarimizning obodligi, daromadimizning mo‘mayligi ham bir tomondan tomorqadan qanday foydalanishimizga bog‘liq.
Viloyatimizda tomorqadan baraka topayotgan, mirishkor dehqonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Xalqimizning ixtiyoridagi jami tomorqa yer maydonlari 60731 gektardan ko‘proq maydonni tashkil etadi. Usta dehqonlarimiz mart oyining boshida ko‘pchilik ertagi ekin-tikin ishlarini uddalab qo‘ygan. Lekin tabiat injiqliklari doimo dehqonni sinovdan o‘tkazgan. Bu yil 8 aprelda yog‘ib o‘tgan qor erta ekilgan sabzavot va mevali daraxtlarning shashtini qaytardi. Tadbirli dehqonlarimiz sovuq o‘tgandan sabzavot va mevali daraxtlarni qo‘shimcha oziqlantirib, kasallik va zararkunandalarga qarshi dorilab, parvarishni o‘nglab oldi.
Ayrim sabablarga ko‘ra, ekishi kechikkan tomorqalarda 25 aprelgacha biror qarich ham yerni qoldirmay ekib olish imkoniyati qo‘limizda. Ochiq maydonlardan bir yilda ikki-uch marta hosilni olish mumkin. Bugungi kunda ertagi sabzavotlardan turli ko‘katlar, ertagi kartoshka, karam, bodring, pomidor, shirin va achchiq qalampir, piyoz, sarimsoq piyoz, sabzi ekinlari ekilmoqda va erta ekilganlari parvarishlanmoqda.
Yozda esa (15 iyundan 15 iyulgacha) ertagi kartoshka, karam, bodring kabi ekinlardan bo‘shagan maydonlarga yana takroriy ekin ekib, kuzgacha yana bir marta hosil olish imkoniyati mavjud. Tomorqaga to‘yimli, oqsilga boy, tuproqni unumdor qiladigan no‘xat, loviya, mosh, soya va yeryong‘oqdan ham ekishni unutmang. Ushbu ekinlar ham ro‘zg‘orda yil davomida iste’mol qilinadigan mahsulot hisoblanadi.
O‘rni kelganda, aholi tomorqalaridan foydalanishning samaradorligini yanada oshirish uchun ayrim takliflarmiz bilan maslahatlashishni lozim deb o‘ylaymiz. Ushbu taklifni viloyatimizda qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan rahbarlarimiz o‘ylab ko‘rib, biror maqbul yo‘lini tashkillashtirsa, dehqonning og‘irini yengil qilgan bo‘lar edi. Mahallalar qoshida “Dehqonga xizmat ko‘rsatadigan (pullik xizmat)” tashkilotlarini tashkil etish fursati kelgan, deb hisoblaymiz. Bu tashkilot dehqonga quyidagi kafolatlangan, yuqori sifatli xizmatlarni ko‘rsatishi lozim:
1. Mahallalar qoshida dehqon yetishtirgan meva va sabzavotlarni qabul qilib oladigan tashkilot tashkil etish kerak. Hozirgi kunda dehqonning mahsulotini uyidan ancha arzon narxlarda olib ketadi yoki olib boradigan joyi bozor. Bozorda sotish hamisha ham muvaffaqiyatli chiqavermaydi.
2. Bugungi kunda tomorqalarda ishlay oladigan mini (mayda) texnikalarning barcha turlari mavjud. Ushbu tashkilot shu texnikalarga ega bo‘lib, u bilan ishlov berishni tashkillashtirishi kerak.
3. Shu tashkilotda o‘simliklarning kasallik va hasharotlarini aniqlaydigan va unga qarshi ishlov beradigan mutaxassislardan tashkil topgan malakali “otryad” bo‘lishi lozim.
4. Ushbu tashkilot dehqon va tomorqa yer egalarini sifatli urug‘lik va mevali daraxt ko‘chatlari bilan ta’minlashga yordam berishi zarur.
5. Televideniyeda “Mening bog‘im” ko‘rsatuvi bor va yaxshi maslahatlarni berib bormoqda. Taklifimiz, “Sabzavot va poliz yetishtiradigan usta dehqon” ruknida bironta teleko‘rsatuv tashkil etib, dehqonlar va mutaxassislar maslahati tashkil etilsa ham yaxshi bo‘lardi. Bu tashkilotni tuzish bir tomondan tomorqa yer egalariga juda katta ko‘mak bo‘lsa, ikkinchi tomondan yangi ish o‘rinlari yaratilib, yaxshi mutaxassislarimizning bandligi ta’minlanadi.
To‘xta XUDOYNAZAROV,
mehnat faxriysi.
Mingjigit ABDURAHIMOV,
Samarqand davlat universiteti professori.