To‘rt egizak onasi: “Gaz yo‘qligi uchun chaqaloqlarimni onamnikida, otasidan uzoqda katta qilyapman”
Qaynoqqina qahva ichib o‘tirgandim. To‘satdan notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Yaqinda to‘rt egizak farzand ko‘rgan ona, Mehribon ekan.
-Uyimizda gaz yo‘q, svet yo‘q, juda qiynalib ketdik. Hozir majburlikdan onamnikiga borib yashashga majbur bo‘lyapman. Turmush o‘rtog‘im usta. Bizga yordam bering, demoqchimasman, ammo uyimizni isitish masalasiga oz bo‘lsa-da, e’tibor qilishsa bo‘lmasmikan...
Qahvam qachon sovib qolganini sezmay qoldim. Uni ichishga hafsalam ham yo‘qoldi.
Mehribon bilan suhbatlasharkanman, uning uyidagi ahvol biroz og‘irligini sezdim. Samarqand tumani Xo‘ja Ahror Vali mahallasida yashovchi mazkur oilada biryo‘la to‘rt egizak farzand tug‘ilganligi haqida yaqinda xabarlar tarqalgandi.
Yaxshi bilasiz, chaqaloqqa alohida parvarish, uning xonasida mo‘’tadil havo harorati bo‘lishi lozim. To‘rt egizak tug‘ilgan katta xonadonda esa uch ovsin, ya’ni uch oila istiqomat qiladi. Har bir oilaning yosh bolalari bor, ya’ni xonalar isitilishi kerak. Xo‘ja Ahror Vali mahallasida esa gaz yo‘q, elektr ta’minotida doimiy uzilishlar kuzatilmoqda ekan.
- To‘rt egizak tug‘ilganini eshitgach, juda ko‘pchilik xabardor bo‘ldi, hatto Senat raisi Tanzila Norboyeva kelib, holimdan xabar oldilar, bundan juda minnatdorman, - deydi Mehribon Tohirova. – Nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa mamlakatlardan ham odamlar ijtimoiy tarmoqlarda yaxshi so‘zlarni bildiryapti. Buning uchun rahmat! Poliklinikamizdan shifokor, hamshiralar xabar olib turishibdi. Senatimiz raisi Tanzila Kamolovna telefon raqamlarini ham bergandilar, qanday muammo bo‘lsa, o‘zimga chiqing, deb. Lekin u kishiga qo‘ng‘iroq qilish noqulay-da. Uyimizda gaz muammosi bartaraf etilsa bo‘ldi, bolalarimni Alloh bergan, rizqini ham beradi, deb o‘ylayman. O‘z uyimda, otasining oldida katta qilsam, degandim farzandlarimni.
32 yoshli Mehribon Tohirovaning endilikda to‘rt o‘g‘il, ikki qizi bor. Biz saytimiz orqali ilgari bir necha marta uch egizak tug‘ilgan oilalarga yordam ko‘rsatishning tizimli asosi yo‘lga qo‘yilishi kerak, degan taklifni ko‘tarib chiqqandik. Afsus, hanuzgacha bu masalaga e’tibor bo‘lgani yo‘q. Deylik, hozirda bola puli olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ham bir nafar bolaga pul to‘lanadi. To‘rt nafar chaqaloqni birdan katta qilish nechog‘lik qiyin ekanini bugun uyida yosh bolasi borlar juda yaxshi biladi. Ularni faqat oziqlantirish uchungina bir haftada qancha sanoat suti sotib olish kerak? O‘n kunga hozircha 1 million so‘m ketishi aniq, bir oyda bu mablag‘ 3 millionni tashkil qiladi. Go‘dak oy sayin ulg‘ayaverishi bilan bu miqdor kattaraveradi.
Yaxshiki, xalqimizda shunday kunlari bir-biridan xabar olish, yordam qo‘lini cho‘zish kabi bebaho qadriyatlar bor. Ammo qarindoshlari bo‘lmagan oilalar bunday vaziyatda qanday yo‘l tutadi? Bu masalaga ham alohida e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylaymiz.
Yaqinda mamlakatimiz rahbarining “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorda 2022 yil 1 iyuldan boshlab mahallalardagi xotin-qizlar faollariga qo‘shimcha vazifalar yuklatilishi belgilangan.
Jumladan, har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, ijtimoiy yordamga muhtoj har bir oilani individual ijtimoiy himoya qilish rejasini ishlab chiqish, aholi murojaatlari asosida va ijtimoiy himoya rejasining ijrosini o‘rganish jarayonida ijtimoiy xizmatlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishini doimiy nazorat qilib borish kerak. Bizningcha, “mazkur qarorda belgilangan ijtimoiy yordamga muhtoj har bir oilani individual ijtimoiy himoya qilish rejasini ishlab chiqish” deyilganda, uch, to‘rt egizak tug‘ilgan oilalarni ham nazarda tutish hamda ularga zarur yordam ko‘rsatish vazifalarini belgilash lozim.
Afsuski, hanuzgacha oilada uch yo to‘rt nafar farzand tug‘ilishi bilan bog‘liq jarayonda aniq yordam ko‘rsatish mexanizmi yo‘q. Ommaviy axborot vositalarida yaqinda Toshkent viloyatida tug‘ilgan to‘rt egizakli oilaga uy topshirilgani haqida o‘qigandik. Ushbu uy to‘rt egizakning otasi faoliyat olib boradigan “O‘zmetkombinat” tomonidan topshirilgan ekan.
Bugun Samarqand tumanidagi ushbu oila ham jiddiy ko‘makka muhtoj. Ularga moddiy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha aniq ishlarni kutib qolamiz.
Gulruh Mo‘minova.