To‘rt tilda chop etilgan yangi to‘plam

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashabbusi va «Eriell»  kompaniyasi ko‘magi bilan O‘zbekiston tarixiga oid o‘zbek, ingliz, rus va xitoy tillarida eksklyuziv sovg‘a kitoblar to‘plami nashr etildi.

Yangi nashrlar orasida “Ziji Ulug‘bek. Ko‘ragoniy astronomik jadvali” alohida o‘rinni egallaydi. Kitob buyuk astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bekning Samarqand rasadxonasida yaratgan XV asrning ajoyib ilmiy asari haqidadir.

Kitobning o‘zbek va rus tillariga tarjimalari hamda ularga sharhlar olim, professor Ashraf Ahmedov tomonidan tayyorlangan.

– Shuningdek, to‘plamning yangi nashridan atoqli o‘zbek olimi, akademik E.Rtveladzening “Buyuk ipak yo‘li. Antik davr va ilk o‘rta asrlar” asari ham joy olgan, – deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev. — Kitob Yevroosiyo mamlakatlarini Xitoydan G‘arbiy Yevropaga bog‘lagan savdo yo‘li - Buyuk Ipak yo‘lining kelib chiqishi va tarixiga bag‘ishlangan.

To‘plam O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan Alisher Navoiy asarlarining miniatyura va badiiy dizayn qo‘lyozmalari  bilan to‘ldirilgan. Illyustratsiyalar, kirish maqola san’atshunos Z.Rahimova tomonidan tayyorlangan.

Kitoblar  «SMI-ASIA» nashriyoti tomonidan nashr etilib, «MEGA Basim» (Turkiya) bosmaxonasida chop etilgan.

Rinat Abdulmanov.