Hayot saboqlari

Yangi yil bayrami arafasida yaxshi ukalarimdan biri ustoz jurnalist, adib Mamatqul Hazratqulovning yaqinda chop etilgan “Kitobim ichra sen borsan” deb nomlangan kitobini sovg‘a qildi. Ushbu kitob haqida hamkasblarimdan iliq gaplar eshitgandim. Undan o‘rin olgan hikoya va lavhalarni ustozning telegram kanalida o‘qib borayotgandim, endi kitobdan o‘qish imkoniyati tug‘ilgani uchun xursand bo‘ldim.

Bayram kunlari kitobni o‘qib chiqdim. Bundan oldin, aniqrog‘i, 2022 yilning oktyabr oyida Mamatqul aka ellik yillik qadrdon do‘stlari Erkin A’zam va Usmon Azim bilan Samarqandga ijodiy uchrashuvga kelganda dastxat yozib bergan “Gladiolius” va Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anarning asarlari tarjima qilingan “Albatta uchrashamiz” kitoblarini o‘qib, ulardan uyg‘ongan hayrat va hayajon bilan yurganimda bu kitob ustozning ijodi haqidagi taassurotlarimni yana ham boyitdi.

Darvoqe, Mamatqul akaning ushbu kitoblari, shuningdek, “Ikki sohil” ham u kishi 75 yoshga to‘lgan yilda nashr etildi.

Umuman olganda, 2022 yil ustoz uchun sermahsul bo‘ldi. Ammo yil boshida yarim asrdan ortiq birga yashab, hayotning ko‘p past-balandini ko‘rgan, sinov va mashaqqatlarni bir-birlariga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatlari bilan yengib o‘tgan (bular ham ushbu kitoblarda hikoya qilingan) umr yo‘ldoshining vafoti ustozga qattiq ta’sir qildi.

Yaxshiyam, shunday paytlarda ustozga farzandu nabiralarining, atrofidagi yaqinlari va do‘stlarining e’tibori, mehri dalda bo‘ldi. Qolaversa, u kishining kitobga mehr qo‘ygani, o‘zi ta’kidlaganidek, bo‘sh vaqt bo‘ldi, deguncha kitob mutolaa qilishi ham og‘ir damlarda qo‘l keldi.

Bu o‘rinda men ustozning ijodkor do‘stlari, safdoshlarini alohida ta’kidlashni istardim. Yil davomida ijodiy uyushmalar, tashkilotlar tomonidan qayerda, qanday uchrashuv va suhbat o‘tkazilmasin, albatta, Mamatqul akani taklif qilib, birga borganlarini ko‘rdik, dilkash davralariga guvoh bo‘ldik.

Uzoqqa bormaylik, yuqorida qayd etganim – o‘tgan yil oktyabr oyida Samarqandda bugungi o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga, o‘z so‘ziga ega ijodkorlar Erkin A’zam va Usmon Azim ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlar ham aslida Mamatqul Hazratqulovning jomboylik ijodkor yoshlar bilan uchrashuvda bergan va’dasi bo‘yicha tashkil etilgandi. Ular vaqtini qizg‘anib yoki boshqa bahona bilan shu uchrashuvlarga kelmasligi ham mumkin edi. Ammo do‘stlarining – Mamatqul akaning yosh ijodkorlarga bergan va’dasi ustidan chiqishi uchun vaqt topishdi, bir emas, bir nechta uchrashuvlar o‘tkazishdi. Va e’tiborlisi, aynan Erkin A’zam va Usmon Azim, garchi Mamatqul aka e’tiroz bildirgan bo‘lsa-da, bu tadbirlar bahona safdosh do‘stlari bu yil 75 yoshga to‘lganini alohida qayta-qayta ta’kidlab, uning ijodi va yuksak insoniy fazilatlari haqida to‘lib-toshib gapirishdi, ijodiy uchrashuvlar nishabini shu tomonga ham burishdi.

Mana buni qadrdonlarning chinakam odamiyligi desa bo‘ladi!

Bir yilda to‘rt kitobning nashr etilishida ham shu do‘stlarning daldasi, qo‘llab-quvvatlashi katta turtki bo‘lganini o‘sha uchrashuvlarda ustoz alohida ta’kidlagandi.

Men bu kitoblarga kiritilgan hikoya va qissalar, esselardagi ayrim epizodlarni u kishining suhbatlarida, xotiralari haqida so‘zlab berganida eshitganman. Shuning uchun mutolaa chog‘ida go‘yoki bu kitoblarni o‘qimadim, ularning har birini ustozning o‘zidan eshitgandek bo‘ldim.

“Bir tilim qovun yoxud oltmish yillik komandirovka”, “Chiroq o‘chmagan kecha” qissalari, deyarli barcha hikoyalarda Urgutni, ustoz tug‘ilib o‘sgan tog‘ etagidagi Mingbuloq qishlog‘ini, Taxtiqoracha dovonini va bu maskanning bag‘rikeng, samimiy odamlarini ko‘rdim.

Yo‘ldosh Bo‘riyev timsolida esa poytaxtda, yuqori mansabda ishlasa-da o‘zini, o‘zligini unutmagan, yurtga sadoqatli, imon-e’tiqodi mustahkam, qalbi buyuk insonni ko‘rdim. Saksonga yaqinlashayotgan shu insonning oila, farzandlar ta’lim-tarbiyasi, hayot mohiyati haqidagi qarashlari esa faqat uniki emas, u singari umrining ko‘p yillari rahbarlik lavozimlarida o‘tgan har bir insonga tegishliligini angladim.

“Yusufbek hoji oltmish besh yoshida dunyo mojarolariga etak silkigan ekan. Men-chi? Men saksonga boryapmanu hamon bu mojarolardan qutulganim yo‘q. Yoki o‘zim istamaymanmi? Bunda ham jon bor. Odam bolasi yillar davomida o‘rganib, ko‘nikib qolgan odatidan birdan voz kechishi qiyin ekan. Qirq yil oz muddatmi? Shuncha yillar davomida ma’lum tartiblarga o‘rganib, hayot shu deb yurganim yolg‘onmi?..

Har bir inson ma’lum yoshga borganda o‘tgan umrini sarhisob qilib, shunday ko‘yga tushar balki. Nega shunday? Nega odam bolasi yoshligida, belida kuchi, ko‘zida nuri borligida bu haqda o‘ylamaydi? Aqli noqislik qilarmikan?.. Xomsut emgan banda, degani shudir-da...”

Professor Yo‘ldosh Bo‘riyevning bu fikrlarini siz ham qaysidir rahbardan, hayoti davlat ishida o‘tgan insondan eshitgan bo‘lsangiz ajabmas.

“Iqror” hikoyasidagi qariyb ellik yil maktabda o‘qituvchilik qilgan Almat Murodovning umrning kuzi, uni payqaganlar va payqamaganlar borligi haqidagi qarashlari ham kishini e’tiborsiz qoldirmaydi.

Kitoblarga kiritilgan qissa va hikoyalar orasida ancha oldin, sobiq tuzum davrida yozilganlari ham bor. Lekin negadir, ularda o‘sha davrda talab qilingan sotsialistik realizm uslubi yoki mafkura ta’siri sezilmaydi. Bu bilan asarlar qayta ishlanib, bugungi davrga moslashtirilgan, degan fikrdan yiroqman. Chunki, asarning g‘oyasi, mafkurasini kichik tuzatishlar bilan butunlay o‘zgartirib bo‘lmaydi, baribir qaysidir elementlarda, syujetlarda o‘zini ko‘rsatib qo‘yadi. Nazarimda, Mamatqul akaning o‘tgan asrda yozilgan asarlarida ham insoniylik, kishilar o‘rtasidagi mehr-oqibat, oilaviy qadriyatlar birinchi o‘ringa qo‘yilgan, ulug‘langan. Bu qadriyatlar esa o‘lmas va adabiydir.

“Chiroq o‘chmagan kecha” qissasida sobiq ittifoq qo‘shinlari askari va afg‘on yigiti o‘rtasida kechgan suhbatga e’tibor qarataylik. Mana shu qisqa bahsdayoq ushbu yurtdagi urushning asl mohiyati ochib berilgan, nazarimda.

“- Hammang bir go‘rsan, senam, anavilaram – baring sho‘raviysan. Nimaga boshimizga qurol ko‘tarib kelasanlar?

- Sizlarga emas, yo‘lda dushman chiqib qolmasin, deb har ehtimolga qarshi olganmiz buni.

- Kim dushman? Kim dushman? Sen dushman! Manavilar dushman! Birovning yurtiga bostirib kirgan odam dushmanmi yo yurtini bosqinchilardan mudofaa qilmoqqa otlangan kishi dushmanmi?..”

Xo‘sh, bu qadriyatlar Mamatqul akaning qalbiga, asarlariga qanday singgan bo‘lishi mumkin? Bu savolga javob ham kitoblar qatida yashiringan. Bolalikdan kitobga mehr qo‘yishi, raisning farzandi bo‘lsa ham kamsuqum va ilmtalabligi, adolatparvar ota va farzanlariga butun borlig‘ini bag‘ishlagan mehribon onaning to‘g‘ri ta’lim-tarbiyasi, uvol va savob nimaligini o‘rgatgani Mamatqul akaning davr emas, adabiyot kishisi bo‘lishiga xizmat qilgan.

Biz ko‘pincha rahbarlarni davr yuzaga chiqaradi, mafkura tarbiyalaydi, degan gaplarni aytamiz. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAga rahbarligi chog‘ida ustoz haqida ham ayrimlar shunday fikrlarni ko‘p aytdi. Mamlakat bosh axborot mahkamasining rahbari sifatidagi faoliyatini turlicha talqin qilishdi. Vaholanki, Mamatqul aka sobiq ittifoq davrida respublikamizdagi eng nufuzli nashrlardan bo‘lgan “O‘zbekiston madaniyati”, keyincha “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ko‘p yil faoliyat yuritgan. O‘z davrining katta-katta yozuvchi va shoirlari, jurnalistlari bilan birga faoliyat yuritgan, yetuk san’at va madaniyat namoyandalari bilan hamsuhbat bo‘lgan. Agar mafkura, asl milliy qadriyatlar, g‘oyalar nimaligini bilmaganida o‘sha davr ta’siridan chiqib keta olmasdi, yurak yutib fikr bildirmasdi. Aksincha, u kishi mustaqillik tufayli mamlakatning bosh axborot idorasida ishlagan paytida mustaqillikning qadr-qimmati nimaligini yaxshi anglab, buni boshqalar ongiga singdirishga harakat qildi. Yurt ichida ham, tashqarida ham mustaqil O‘zbekiston sha’ni, obro‘si uchun siyosatchilardan kam bo‘lmagan tarzda kurashdi.

Bu haqda gapirganda ustozning 1994 yil aprel oyida Moskvada o‘tkazilgan MDH davlatlari axborot agentliklari rahbarlarining uchrashuvidagi qat’iyatini eslashni joiz deb o‘ylayman. O‘shanda Mamatqul aka yosh mustaqil davlatning mustaqil axborot agentligi qanday faoliyat olib borishi kerakligini “katta og‘alik” maqomidan tushishni istamayotganlarga ko‘rsatib qo‘ygan va bundan sobiq ittifoqdagi boshqa axborot agentliklari ham andoza olgan edi.

1997 yilda Qohirada o‘tgan “Misr va MDH davlatlari hamkorligi” mavzuidagi xalqaro konferensiyada esa Mamatqul akaning misrlik ma’ruzachining noto‘g‘ri ma’lumotlariga e’tiroz bildirib, bu fikrlarga aniqlik kiritishni talab qilishi, aks holda O‘zbekiston delegatsiyasi anjumanni tark etishi haqida gapirishi uchun kishida qat’iyat va jasorat bilan birga, avvalo, yuksak vatanparvarlik hissi bo‘lishi kerakligini ko‘pchiligimiz yaxshi anglaymiz. Ushbu konferensiyadagi gap-so‘zlar ustozdan oldin Toshkentga yetib kelgan va katta-kichik davralarda turlicha talqin qilingan. Ammo baribir ustozning tutgan yo‘li ma’qullangan.

Germaniya elchisi bilan bo‘lgan suhbatda ham ana shu vatanparvarlik, davlat xizmatchisiga xos yuksak mahorat va diplomatiya yaqqol o‘z aksini topgan. Yo‘qsa, mustaqil bo‘lganiga endigina uch yil to‘lgan davlatning hali o‘z yo‘lini topib ulgurmagan axborot agentligi rahbari dunyoning taraqqiy etgan davlatlari qatorida sanaladigan Germaniyadek mamlakat elchisining fikrlariga e’tirozini asoslagan holda bildirib, keskin gapirmagan bo‘lardi.

Endigina dunyoga yuz tutayotgan, hali ko‘pchilik bilib-bilmay turgan davlatning bosh axborot idorasi rahbarining bu kabi xatti-harakatlari, xalqaro anjumanlardagi chiqishlari, yozgan maqola va ocherklari, albatta, O‘zbekistonni jahonga tanitish, mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida Vatanning bir fidoyisi qo‘shgan ulkan hissadir va bu xizmatlar davlatimiz, xalqimiz tomonidan e’tirof etilib, qadrlanib kelmoqda.

2009 yilda Samarqand shahridagi Registon maydoni yaqinida sobiq ittifoq davrida qurilgan ulkan muzey binosi buziladigan bo‘ldi.

Aslida, ushbu muzey binosi avvalgi tuzum davrida ajdodlarimizning yuksak bunyodkorlik salohiyatining bir namunasi bo‘lgan Registon majmuasi salobatiga soya solish maqsadida qurilgan (shunday maqsad bo‘lmaganida buyuk jahongir Amir Temur maqbarasi yaqinida, shahar o‘rtasida spirt zavodi qurilmagan bo‘lardi). Bu binodan tashqari majmua atrofida yana bir nechta restoran, savdo markazi, avtoshohbekat, kinoteatr qad rostlagandi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, bu inshootlarning barchasi navbati bilan boshqa joylarga ko‘chirildi. Tarixiy obida atrofi ochila boshlagach, muzeyni ham boshqa joyga ko‘chirishga qaror qilindi. O‘shanda ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalarida bu holat turlicha talqin qilindi. Go‘yoki O‘zbekistonda madaniyat boyliklariga e’tibor juda yomon, mana muzey buzib tashlandi, degan ma’noda chiqishlar ko‘paydi.

Garchi bu chiqishlardan maqsad-muddao aniq bo‘lsa-da, bayon etilgan holatlarni o‘rganish maqsadida Mamatqul Hazratqulov O‘zA bosh direktori sifatida va u kishining o‘rinbosari Ahmadjon Toshxo‘jayev Samarqandga kelishdi.

Dastlab ular muzey joylashgan hududni borib ko‘rishdi, muzey xodimlari, viloyat va shahar rahbariyati, tarixchi va muzeyshunos olimlar bilan suhbatlashishdi, mahalliy aholining fikrlarini eshitishdi. O‘zAning viloyatdagi muxbiri sifatida ularga hamrohlik qilib, suhbatlarda bildirilgan fikrlarni yon daftarimga qayd qilib boraverdim. Shu haqda maqola tayyorlash topshirilsa kerak, degan o‘yda edim. Lekin ustoz hech narsa demadi va “ertaga tahririyatda gaplashamiz” dedi va ular mehmonxonada qolishdi.

Ertasi kuni esa direktor va o‘rinbosari “Zarafshon” gazetasi tahririyatida kecha ko‘rgan-eshitganlari, bino tarixi va bugungi bilan bog‘liq ma’lumotlar asosida kattagina maqola tayyorlashdi. Bu maqola O‘zA saytida va bir qator nashrlarda chop etildi. Shu bilan har xil gap-so‘zlarga nuqta qo‘yildi.

Ustoz bu topshiriqni o‘rinbosarlari yoki bosh muharrirlarga berishi, poytaxtda turib, shu materialni yozdirishi yoki yozishi mumkin edi. Lekin gap yurt va millat sha’ni, ajdodlar merosi va uning qadr-qimmati haqida borar ekan, u kishi bunday yo‘l tutmadi va o‘zi ko‘rib, odamlar bilan gaplashib, maqola tayyorladi.

Menga o‘n yildan ko‘proq vaqt ustoz qo‘li ostida, O‘zAning Samarqand viloyatidagi muxbiri sifatida ishlash nasib etdi. Ana shu yillar davomida Mamatqul akadan nafaqat jurnalistika bo‘yicha, balki hayot sabog‘ini ham oldim.

Ustozning yangi kitoblari ham ana shu katta saboq vazifasini o‘tamoqda.

G‘olib HASANOV.