Yangi kitob: “Mangulikning 30 lahzasi”
She’riyat - ummon. Undagi har bir gavharning o‘z salmog‘i, qadr-qimmati bo‘lgani kabi shoir Yor Muhammad ijodining ham ko‘lami keng, she’rlari rang-barang va o‘ziga xos. Ijodkorning “Mangulikning 30 lahzasi” kitobi mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlab yozilgan. Shoirning bir turkum she’rlari vohaning go‘zalligiga, qishloqning sodda, beg‘ubor va tanti odamlari tasviriga bag‘ishlangan. Ularni o‘qiganda ko‘z oldingizda so‘lim qishloqlar, shudring bosgan dalalar namoyon bo‘ladi.
She’rlarni o‘qir ekansiz, kitobxonni o‘ylashga, ko‘ngilga mahzun tuyg‘ular olib kirib, shukrona aytishga, hayotdan zavqlanib yashashga chorlaydi. Zero, adabiyotning, badiiy ijodning birlamchi vazifasi ham shu.
***
“Kattaqo‘rg‘on ushshog‘i”
Yaqinda samarqandlik taniqli ijodkorlar Fazilat Abdullayeva va Elmurod Hotam hammuallifligida shu nomdagi she’riy devon nashrdan chiqdi. Ushbu devon ustozlarning an’anasini davom ettirgan bugungi kun qalam ahlining ijod mahsuli deyish mumkin.
Devonda bir guruh kattaqo‘rg‘onlik ijodkorlarning g‘azallari o‘rin olgan bo‘lib, ularda lirikaning asosiy mavzusi bo‘lgan ishq bilan birga didaktika, ijtimoiy va falsafiy masalalar qalamga olingan. Shuningdek, devonda shoirlarning g‘azal, muxammas (Navoiy, Fuzuliy, Mashrab, Noqis kabi mumtoz shoirlar bilan birga, Usmon Azim va Halima Xudoyberdiyeva singari zamondosh shoirlar g‘azallariga bitilgan taxmin va naziralar), musaddas, mustahzod, tarje’band, masnaviy, qasida kabi mumtoz she’r turlarining poetik qonuniyatlari asosida yaratilgan ijod namunalari jamlangan.
***
Hayot haqiqati yo‘g‘rilgan ikki to‘plam
Yangi davr adabiyotida Zulfiyaxonim, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Farog‘at Kamol, Qutlibeka Rahimboyeva, Muhtarama Ulug‘ova kabi shoiralar el muhabbatiga sazovor bo‘lgan. Mana shu sevimli shoiralar davrasida o‘z o‘rniga ega shoiralardan biri Bibisora Turobovadir.
Shoira she’rlarida hayot haqiqati, odamlarning orzu-armonlari va Vatan ishqi bosh mavzu sanaladi. Jumladan, uning “Kelin salom” to‘plamida ayol quvonchi va tashvishlari, onalik tuyg‘ulari qalamga olingan bo‘lsa, yaqinda nashr etilgan “Men izlagan quvonch” to‘plamida turli yillarda yozgan she’rlari jamlangan. Unda asosan Vatan muhabbati va sadoqati, hayot tashvishlari hamda shoiraning kechmishlari she’rlarida nafis nazmiy san’at bilan ifoda etiladi.