ToshDAU Samarqand filiali yosh olimlarining 6 ta loyihasi moliyalashtiriladi
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali yosh olimlarning 6 ta loyihasi “Samarqand viloyati yoshlarining innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi”ning oxirgi bosqichida g‘olib deb topildi.
Xususan, yosh olimlar – Bobur Shoniyozovning “Amarat XXI asr o‘simligi”, Gulnoza Jumayevaning “Phytobar-super power”, Dilshod Qo‘chqorovning “Qishloq xo‘jalik ekinlarini past haroratdan himoyalash texnologiyasini joriy qilish”, Shodmon Nurqobulovning “Vitgrass iste’mol qiling, salomat bo‘ling”, Sirojiddin Qahhorovning “Innovatsion resurs-tejamkor kichik yopiq maydon”, Anvar Shamsiyevning “Antioksidantlarga boy batat uni ishlab chiqarish” loyihalari 706,86 million so‘m miqdorida amaliyotga joriy qilish uchun moliyalashtirishga taqdim etildi.
Samarqand shahridagi yoshlar markazida 23 dekabr kuni “Yosh innovatorlar forumi” o‘tkazildi. Tadbirda filial jamoasi tanlovlardagi faol ishtiroki uchun Samarqand viloyati hokimligi tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021” doirasida o‘tkazilgan “Yoshlarning eng yaxshi innovatsion g‘oyalari” hakatonida filialning 2-bosqich magistranti Sirojiddin Qahhorov o‘zining “Brokolli karamidan karambosh, moy va ekstrakt olish texnologiyasi” mavzudagi loyihasi bilan qatnashib, “Eng yaxshi startap taklifi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi va 5 million so‘m pul yutug‘ini qo‘lga kiritdi.