Toshkent IIBB avtomobil oynalarini qoraytirishga shoshilmaslikka chaqirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar haydovchilarga avtomobillar oynasining tusini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar bilan chiqmoqda.
Bunga javob tariqasida Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati ogohlantirish bilan chiqdi.
"Hurmatli haydovchilar! Internet tarmoqlarida ba’zi shaxslar tomonidan avtomobil oynalarini qoraytirish bo‘yicha xizmatlar taklif qilinayotganining guvohi bo‘lyapmiz.
Fuqarolarimizdan tegishli qaror kuchga kirgani to‘g‘risida ma’lumot e’lon qilinguniga qadar shoshmaslikni so‘raymiz.
Eslatib o‘tamiz, oynalarning tusini o‘zgartirish uchun IIV YHXBB vakillaridan tegishli ruxsat va plyonka olinishi zarur", - deyilgan boshqarma xabarida.
Amaldagi qonunchilikni buzgan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.