Toshkent shahar IIBB: hech kimning soqoli majburiy olinmagan va olinmaydi ham
Ma’lum qilamizki, poytaxtda har yili shahrimiz aholisi va mehmonlarining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan “Xavfsiz hudud” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Shu bilan birga, ushbu tadbirlar davomida jamoat joylariga, masalan Sayilgoh ko‘chasi, bog‘lar va xiyobonlar, ko‘ngilochar-savdo markazlari, bozorlar va hokazolarga alohida e’tibor qaratiladi. Ba’zi ob’yektlarda vaziyatni kuzatish uchun tashqi kuzatuv intellektual kameralaridan foydalaniladi. Ma’lumotlar bazasiga qidiruvda bo‘lgan shaxslarning biometrik pasportlaridagi ma’lumotlar, ya’ni tartib bo‘yicha ko‘zoynaksiz, bosh kiyimisiz va soqolsiz tushirilgan rasmlari kiritilgan.
23-24 avgust kunlari Shayxontohur tumanidagi “Malika” savdo maskanida bo‘lib o‘tgan hodisaga to‘xtalsak. Darhaqiqat, u yerda ishlaydigan ba’zi shaxslar bo‘yicha o‘g‘rilik, o‘g‘irlangan qo‘l telefonlarini sotib olish va sotish faktlari asosida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Afsuski, bu kabi holatlar hanuz ro‘y berib turadi va ushbu savdo maskanida rasman va norasman ishlaydigan alohida shaxslar qonunbuzarliklarga aralashib qolishgan. Suhbatga taklif etilganlar soqoli bor yoki yo‘qlarga ajratilmagan, ammo ta’kidlash joizki, soqollilar u yerda ko‘pchilikni tashkil etadi.
Alohida fuqarolarga tashqi ko‘rinishlarini biometrik pasportdagi rasmlariga muvofiqlashtirish tavsiya etilgan. Deyarli barcha ushbu iltimosni to‘g‘ri tushundi. Ko‘plar soqol qo‘yib yurish ular uchun muhim emasligini, balki vaqt yo‘qligi, modaga taqlid qilish va boshqa sabablarga ko‘ra soqollarini olmaganlarini ma’lum qilishdi.
Shu bilan birga qat’iy ma’lum qilamizki, yuqoridagi holatga diniy mazmunning hech qanday aloqasi yo‘q. Qolaversa, bu vaziyatda dindorlarning hissiyotlari bilan o‘ynashish, mazkur mavzuni bo‘rttirish noo‘rindir.
"Hurmatli hamshaharlar va poytaxt mehmonlari! Jamoat tartibini saqlash va sizning xavfsizligingizni ta’minlash oson ish emas, aksincha, ba’zida ko‘p qirrali, xatarli bo‘lishi mumkin. Ko‘plab holatlar nozik bo‘lib, inson huquqlari va erkinligi, uning shaxsiy hayoti masalalariga borib taqalishi mumkin. Shu sababli ichki ishlar xodimlari oldilariga qonun (O‘zbekiston Respublikasi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuni, Jinoyat-protsessual kodeks) doirasida ish tutish vazifalari qo‘yiladi. Fuqarolarda ham huquqlardan tashqari Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, o‘zgalar huquqi, erkinligi, sha’nini hurmat qilish (O‘zbekiston Konstitutsiyasi 48-modda), ichki ishlar organi xodimi tomonidan vakolatidan kelib chiqqan holda qo‘yilgan qonuniy talablarini bajarish (“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasi) majburiyati mavjud", - deyilgan xabarda.