Toshkent viloyatida “it urishtiruvchi” qo‘lga olindi
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 26 yanvar IIV JQBB va Zangiota tumani IIB xodimlari hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda 29 yoshli R.A. qonunga xilof ravishda Zangiota tumanida it urishtirish uchun maxsus joy tashkil qilganligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, o‘yinga 26 yoshli D.Q. 2000 dollar va uning o‘zi 2450 dollar va 500 ming so‘m miqdoridagi pullarni tikkan. So‘ngra o‘zlarining pitbul zotdor itlari urishtirishni tashkil qilib, 49 yoshli A.X.ni hakamlik qilish uchun jalb qilganlar.
Tadbir davomida A.X.dan qo‘l tarozisi va jami 4450 dollar va 500 ming so‘m miqdoridagi pullar ashyoviy dalil tariqasida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. A.R.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Itlar hozirda tuman IIB binosida parvarishlangan holda saqlanmoqda. Itlarning kelgusida saqlash joyi va ularning egalariga nisbatan hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lganliklari uchun javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.