Toshkent yaqinida ulkan yer ko‘chkisi sodir bo‘ldi

Toshkent viloyatida joylashgan Angren ko‘mir konida hajmi 25 million metr kub bo‘lgan yer ko‘chkisi sodir bo‘ldi, deb xabar qilmoqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati.

“8 iyul kuni soat 15:30 da Angren ko‘mir konining shimoliy tomonida hajmi 25 million metr kub bo‘lgan yer ko‘chkisi sodir bo‘ldi.

Ko‘chki sodir bo‘lishining asosiy sababi – aprel oyida yog‘ingarchilik miqdori bir necha yillik normadan ortiq bo‘lishi tufayli, yer osti suvlarining darajasi ko‘tarilib ketgan. Natijada yer osti suv bosimi ortib, qirg‘oqni ushlab turgan qum-tuproq yerlar yuvilib ketgan va qirg‘oq qulab tushgan”, - deyilgan xabarda.

Shuningdek, ushbu yer ko‘chkisi muhandislik kommunikatsiyalariga, avtomobil yo‘llari, temiryo‘l va Angren ko‘mir koniga xavf tug‘dirmayotgani qayd etilgan.