“Toshkentda IIV binosi qo‘lga olindi” sarlavha bilan tarqalgan xabarga aniqlik kiritildi

Joriy yilning 16 dekabr kuni internet tarmog‘ining “Asiaterra.info” saytida va “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ining “Aziaterra.info” sahifasida “Toshkentda IIV binosi “qo‘lga olindi” sarlavhali xabar chop etildi. Mazkur xabar yuzasidan Ichki ishlar vazirligining axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:

Aniqlanishicha, 2019 yilning 15 dekabr kuni soat 14:00 larda 1957 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Urlayeva Yelena Mixaylovna, 1958 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahar Sergeli tumani, Sergeli-5 mavzesi, 13-uy, 36-xonadonda yashovchi Axmedyanov Midat Nigmatovich va 1971 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahar Chilonzor tumani, 5-mavze, 37-uy, 3-xonadonda yashovchi Shakirova Venera Garifovnalar IIV Markaziy apparatining “Fuqarolar qabulxonasi” binosi oldida o‘z muammolarini namoyishkorona ko‘rsatish maqsadida 4 dona plakatni ko‘targan holda fotosuratga tushgan.

Shundan so‘ng ushbu fuqarolar vazirlik “Fuqarolar qabulxonasi”ga taklif etilgan hamda ularning murojaatlari vazirlikning tegishli sohaviy xizmat rahbarlari va mas’ul xodimlari tomonidan qabul qilingan.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda davlatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ustuvor yo‘nalish hisoblanib, Ichki ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarga o‘z murojaatlarini bildirishda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida vazirlikning “Fuqarolar qabulxona”si IIV binosining tashqi qismida, zamon talablariga mos tarzda xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Shuningdek, “Toshkentda IIV binosi “qo‘lga olindi” sarlavhali xabarda fuqaro Ye.M.Urlayeva muqaddam Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlar boshqa ayol tomonidan o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yilgani haqidagi murojaati yuzasidan chora ko‘rilmayotganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil 27 noyabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi navbatchilik qismiga «102» xizmat raqami orqali fuqaro Ye.M.Urlayevaning fuqaro T.M.Po‘latovadan hujjatlarini qaytarib olib berish masalasida murojaati kelib tushgan. Ushbu murojaat tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, tuman bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-son IIB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan.

Surishtiruv ishlari davomida quyidagilar:

– fuqaro Ye.M.Urlayeva 2001 yildan Toshkent shahar Ruhiy asab kasalliklari dispanserida “Paranoid shizofreniyasi. Paranoid sindromi” tashxisi bilan hisobda turishi;

– fuqaro Ye.M.Urlayeva Toshkent shahar Mirobod tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi tomonidan 2006 yil 24 avgust kuni “ruhiy layoqatsiz” deb topilgani;

– fuqaro Ye.M.Urlayevaning onasi Yevsigneyeva Vera Afanasevna tomonidan 2016 yil 20 oktyabrda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani, Yalang‘och dahasi, 103-uy, 25-xonadonda ro‘yxatda turuvchi, 1951 yilda tug‘ilgan Po‘latova Tursunoy Mahmudovnaga qizining huquqlarini himoya qilish uchun uning nomiga “ishonchli vakil” sifatida notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma berilgani;

– Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining 2018 yil 23 martdagi №131-sonli qaroriga asosan fuqaro T.M.Po‘latova fuqaro Ye.M.Urlayevaga vasiy etib tayinlangani aniqlangan.

Yuqoridagilarga asosan, fuqaro Ye.M.Urlayevaning murojaatida keltirilgan holatlarda jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan va tegishli tartibda murojaat muallifiga javob xati yuborilgan.

Bundan tashqari, xabarda keltirilgan IIV binosi qo‘riqlanishi borasidagi salbiy fikrlar haqiqatdan yiroq ekanligi ma’lum qilingan.