To‘y qilayotganlarning 25 foizidan ziyodi qarzga kiradi

"Yuksalish" harakati to‘y xarajatlari va to‘yga munosabat bo‘yicha muhim so‘rovnoma o‘tkazgan.
So‘rovnoma natijalari o‘zbekistonliklarning shaxsiy qarorlarga nisbatan juda yuqori ijtimoiy bosim beradigan to‘y marosimlarining jamiyatimizga yetkazayotgan iqtisodiy va ruhiy jarohatlarini ham ochib tashlagan.
Asosiy xulosalar:
- O‘zbekistonliklar oylik daromadidan bir necha va hatto o‘n karra ortiq xarajat qilib to‘y o‘tkazishadi. Aniqroq aytganda, so‘ralganlarning deyarli yarmi 5 mln. so‘mgacha daromadga ega, lekin ular to‘yga 50 million so‘mdan ko‘p mablag‘ sarflashadi.
So‘ralganlarning 25,1 foizi to‘yga deb qarz oladi, lekin bu raqam yanada kattaroq bo‘lishi mumkin. Chunki to‘ychilarning 55,2 foizi yaqinlari yordamidan foydalanishini bildirishgan (bu ham qaytariladigan qarz aslida, hatto to‘yona bo‘lsa ham). Yangi oila qarz bilan hayot boshlashining keyingi oqibatlari yanada chuqur va og‘riqli (bu yana boshqa so‘rovlar mavzusi). Faqat 14,1 foiz to‘ychilar o‘zining puliga to‘y qiladi.
To‘yga katta xarajat qilishga majburlik asosan ijtimoiy bosim tufayli yuzaga keladi (odamlar nima deydi qo‘rquvi).
Eng qiziqarlisi, to‘yga nisbatan ijtimoiy ikkiyuzlamachilik mavjud. 44,5 foiz so‘ralganlar to‘yga ko‘p mablag‘ sarflashganidan afsusda bo‘lishgan.
Lekin umid yo‘q emas. So‘ralganlar qimmat to‘y o‘rniga ta’lim olishga, uy-joy sotib olishga, sayohatga va sog‘lig‘ini tiklashga pul sarflash kerak, deb hisoblashadi.
E’tiborlisi, to‘yga behuda sarflarga qarshi choralar orasida moliyaviy savodxonlikni oshirish takliflari ham yangragan.
Otabek Bakirov, iqtisodchi.