«To‘y sanoati»ni rivojlantirib, fonogramma uchun pul sarflashni to‘xtataylik!

Tahlillar bitta to‘y uchun kamida 50 million so‘m sarflanishidan kelib chiqib, O‘zbekistonda bir yillik to‘y xarajatlari 10 milliard dollardan oshayotganini ko‘rsatyapti. Boshqa bir manbada esa uch-to‘rt nafar farzandi bor oilaning bitta to‘y qilishi uchun 15-20 yil “iqtisod” qilishi lozimligi ko‘rsatilyapti.
To‘g‘ri, to‘y - qadriyat. Dinimizda ham nikoh sunnat ekani, erkak va ayolning oila qurayotganini ma’lum qilish uchun dasturxon yozish buyurilgan. Lekin keyingi paytlarda to‘ylarimiz bilan bog‘liq illatlar, dabdababozlik va isrof shunchalik quyushqondan chiqdiki, agar ular tartibga solinmasa, jadid bobolarimiz ta’kidlaganlaridek, millatimiz ma’naviy tanazzulga yuz tutishi muqarrar.
Dang‘illama to‘ylar haqida gap ketganda “dasturxonida anqoning urug‘idan boshqa hamma narsa bor ekan”, degan iborani ko‘p ishlatamiz. Yaxshiyam anqoning urug‘i bo‘lmaydi, agar bo‘lganida edi, uni ham qayerdandir topib, dasturxonga tortgan bo‘lardik. Shu ma’noda, to‘ylardagi bugungi to‘kinlik noshukurlik ekanini barchamiz bilib turibmiz. Buning ortida qanchalik og‘ir mehnat yotgani-yu, qanchadan-qancha alp qomatli erkaklarimizning “beli” sinayotganidan ham xabarimiz bor.
Ma’lumotlarga qaraganda, hozir o‘ndan ortiq xorijiy davlatlarda 2 milliondan ortiq vatandoshimiz tirikchilik tashvishida yuribdi. Tan olaylik, ularning aksariyati yetti mahallaga ovoza bo‘ladigan to‘y qilay, ikki-uch qavatli uy quray, qator-qator mashina minay deb yurgani hech birimiz uchun yangilik emas. Odamlarning to‘y-hashamlar, dabdababozliklar uchun banklardan olayotgan kredit miqdori ham yildan-yilga oshib borayotgani aytilyapti.
Aslida ixcham, kamxarj to‘y qilish ham mumkin ekan. Pandemiya davrida bu o‘z isbotini topdi. Eng qizig‘i, to‘y belgilab qo‘ygan qarindoshlar, qo‘shnilar yoki mahalladoshlarimizning karantin tugab qolmasidan to‘yni tezroq o‘tkazib olaylik, deb qanchalik shoshganlarini ham ko‘rdik. O‘shanday paytlarda to‘yga aytilmagan uzoq qarindoshlar, tanishlar, hatto amma-xolalar ham xafa bo‘lishmadi....
Demak, kamxarj to‘ylar qilsak bo‘larkan-ku! Nahotki, yana pandemiyaga o‘xshash bir ofat bizni shunga majbur etishini kutayotgan bo‘lsak. Ammo negadir bunga orimiz, g‘ururimiz yo‘l qo‘ymayapti. Boshqacha aytganda, “Qo‘shnimiz dang‘illama to‘y qildi, undan qayerim kam”, “Ixcham qilsam, qarindoshlar, mahalla-ko‘y nima deydi”, qabilidagi o‘y-xayollardan qutula olmayapmiz.
Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha ham bir qator vazifalar belgilab berildi. Hatto avgust oyigacha bu bo‘yicha Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarorini e’lon qilish lozimligi ta’kidlandi.
Yaqinda hududlarda bo‘lganimizda aynan shu masalada ham yurtdoshlarimizning qarashlari, taklif va mulohazalarini ham o‘rgandik. Masalan, Farg‘onada sovchilikdan boshlangan va to‘y o‘tib, qarindoshlarning kelin-kuyovni mehmonga chaqirishgacha bo‘lgan tadbirlar uchun qariyb 70 million so‘m sarflanarkan. Bunga to‘ydan keyin boshalandigan – dastlabki yillardagi qudalar va kelin-kuyovlarning tug‘ilgan kunlari va bayramlardagi tadbirlari, aqiqa marosimi va “Beshik to‘y”i xarajatlari qo‘shilgani yo‘q.
Dafn marosimlari bilan bog‘liq xarajatlar ham kam emas. Xullas, farg‘onaliklar ham to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar ixcham o‘tishi tarafdori. Bu masalada jiddiy qaror qabul qilinishi va uning nazorati qat’iy ta’minlanishini kutmoqda. Ayni paytda ushbu takliflar ijrosi doirasida bir qator loyihalarni amalga oshiryapmiz.
Yagona xulosa va haqiqat shu: xalqimiz kutgan farovon jamiyatga erishish uchun topganimizni to‘y sanoati rivojiga sarflashimiz shart emas! Undan ko‘ra, bu pullarni oilamizga, bolalarimizning ta’lim-tarbiyasiga sarflaylik. Zero, Imom Buxoriy bobomiz aytganidek: “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmagay”.
Sayyora JUMAYeVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.