To‘ydan qolgan qarz – baxtli va farovon hayotga to‘siq

To‘y – xalqimiz hayotidagi eng katta quvonch, farzandlarini ulg‘aytirayotgan ota-onaning yillar davomida orziqib kutgan kunlaridan biri. Ilgari to‘ylarimiz sodda, samimiy va xalqona o‘tardi. Odamlar dasturxonga topganini qo‘yardi. Qo‘ni-qo‘shnilar qo‘ldan kelganicha yordam qilardi. Ammo keyingi yillarda dabdaba, ortiqcha isrof va keraksiz sarf-xarajatlar to‘yning asosiy belgisiga aylanib qoldi. Bu esa ayrim oilalar uchun og‘ir yuk - qarzga botish va keyingi hayotdagi qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Shu bois to‘ylarni ixchamlashtirish masalasi jamiyatimizda tobora ko‘proq muhokama qilinyapti.
Biz faoliyat olib boradigan SamDChTIda tahsil olayotgan yoshlarning aksariyati xotin-qizlardan iborat. Ularning ko‘pchiligi talabalik davrida turmush qurib, oila hayotini boshlaydi. Yaqinda bundan uch yil avval turmushga chiqqan, ayni paytda bitiruvchi bosqichda o‘qiyotgan bir qiz bilan suhbatlashdim. U o‘z to‘yi haqida gapirib berdi:
— Qaynotam to‘yimiz uchun 16 ta qo‘y, 2 ta echki va 2 ta qoramol so‘ygan ekan. Bir navvosning go‘shti nahor oshi uchun ishlatilgan, qolgani esa kechki ziyofat uchun to‘yxonaga olib borilgan. Men tushgan xonadon olis qishloqda joylashgan. Bu qishloqning odati shunaqa bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim, ammo to‘y uchun sarflangan boshqa harajatlarni ham eshitib, rostini aytsam, muzlab qoldim. Kechki bazm uchun to‘yxonaga faqat go‘sht va spirtli ichimliklardan tashqari hech narsa olib borilmagan, lekin 60 million so‘m to‘langan. Bu kimlar uchun arzimas puldir, ammo men uchun katta summa edi. O‘shanda o‘ylab qoldim: esiz, shuncha mablag‘ni yangi bir uyning boshlang‘ich to‘loviga yoki boshqa bir foydali ish uchun sarflasa bo‘lardi-ku. Yanayam achinarlisi, bu kredit ekan.
Undan qaynotasi nima ish bilan shug‘ullanishini so‘radim.
— Yaxshiroq ishda ishlardi, – dedi u. – To‘ydan sal o‘tib, pensiyaga chiqdi. Shundan keyin barcha qarz erimning bo‘yniga tushdi. Oqibatda to‘y boshlangan vaqtida puli yo‘q bo‘lgani uchun o‘g‘lining nomiga 30 million so‘m kredit olingan, yana shuncha miqdordagi mikroqarz katta kuyovining nomiga rasmiylashtirilgan. Turmush o‘rtog‘im oyiga 3 million so‘m maosh oladigan ishda ishlardi. Ro‘zg‘ordan orttirib, o‘zining ham, pochchasining ham nomidagi qarzni to‘lash qiyin bo‘ldi. Bu holat oramizda kelishmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Opasi va pochchasining oilasida ham tinchlik yo‘qoldi. Pochchaning nomidagi qarzni yopish uchun yana katta foizli kredit olishga majbur bo‘ldik. Mana, uch yildirki, to‘yga olingan qarzdan qutula olmay yuribmiz. Ba’zida o‘qishimni “muzlatib”, ishlash haqida ham o‘ylab qolaman, ammo turmush o‘rtog‘im bunga rozi bo‘lmaydi. Meni o‘ylantiradigan yana bir holat — o‘zimning ota-onam ham to‘yimiz oldidan 20 million so‘m mikroqarz olishgan edi. Ular nima qildi ekan? Shu paytgacha ulardan bu haqda so‘rash xayolimga ham kelmagan…
Bu hikoyaning o‘ziyoq katta haqiqatni ko‘rsatib turibdi: dabdaba bilan qilingan to‘y ba’zan baxtdan ko‘ra ko‘proq tashvish keltiradi. To‘y aslida yangi hayotning boshlanishi, yosh oilaning baxtli kunlari uchun mustahkam poydevor bo‘lishi kerak. Ammo ortiqcha isrof, keraksiz dabdaba va kreditlar sababli ba’zi oilalar qarz va tushkunlikka botib qolyapti.
Ixcham to‘y o‘tkazish esa oilalarga yengillik berib, ortiqcha xarajat va qarz-quruzdan asraydi. Iqtisod qilingan mablag‘ni uy-joy, farzandlar ta’limi yoki oilaning kelajagiga yo‘naltirish mumkin. To‘yning mazmuni dabdabada emas, balki samimiy quvonch ulashish va yaqinlar bilan baxtni baham ko‘rishdadir. Mehmonlar soni kam bo‘lsa ham, to‘ydagi samimiylik va xotirjamlik uni minglab odam yig‘ilgan dabdabali marosimdan ham qimmatli qiladi.
Dilnoza Bo‘ronova.