To‘ylarning dabdabali o‘tishiga ko‘proq kimlar sababchi bo‘lyapti?
Telegramm kanalimizda shu savol bilan so‘rovnoma bergan edik. Unda aksariyat ishtirokchilar "Ota-onalar «orzu-havas» deya shunday yo‘l tutmoqda", degan fikrda ekani ma’lum bo‘ldi.
So‘rovnomada 2 ming nafarga yaqin foydalanuvchi ishtirok etdi. Shundan 37 foizi ana shu javobda ekanini bildirgan. Shuningdek, ishtirokchilarning uchdan bir qismi to‘ylarning dabdabali o‘tishiga sababchilar "Qarindosh-urug‘, mahallaga o‘zini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lganlar", degan javobda to‘xtalgan.
Qolgan ishtirokchilar, jumladan, 21 foiz respondentlar dabdabali to‘y qilishni xohlovchilar -“Mansabdor shaxslar”, 12 foiz ishtirokchilar bunday hashamatga sabab “To‘yi bo‘layotgan yoshlar” degan to‘xtamga kelgan.
Kishilar so‘rovnomada ishtirok etish bilan birga, o‘z fikr-mulohazalarini ham yozib qoldirishgan. Ularning ham aksariyati "Gap to‘y uchun asosiy chiqim qiladigan ota-onalarning o‘zida", degan fikrda ekanliklarini yozishgan. Masalan, bir foydalanuvchi "2 kishi (kelin-kuyov) rozi bo‘lsa bo‘ladigan to‘yni o‘zimiz (ota-onalar) butun mahalla rozi bo‘lmasa bo‘lmaydigan to‘yga aylantirib olganmiz", deya fikr bildiradi.
O‘zini Gulzoda deya tanishtirgan pastdarg‘omlik mehnat faxriysi tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, to‘ylarning dabdabali o‘tishiga ko‘proq sababchi bo‘layotgan holatlar haqida fikrlarini bayon qildi:
- Odamlarimizda hamon orzu-havas tushunchasi qandaydir bahonaga aylanib qolgan. Ayniqsa, ayollarimiz ichida orzu-havasga intilish, u yoki bu jarayonni ko‘z-ko‘z qilish va oilasi obro‘sini shu bilan ko‘tarish, afsuski, hanuz bor holat.
Yana bir sababi to‘y paytidagi oldi-berdi masalasi ba’zi oilalarda majburiyat bo‘lib qolganligida. Agar bu majburiyat bajarilmasa, ikki tomondan biri qaysidir jihatdan kamsitiladi. Kiyim-kechak, sarpo masalasi ham hamon dardli.