Toyloqlik o‘qituvchi vazir jamg‘armasi ustamasi uchun o‘tkazilgan sinovda yuqori natijani qayd etdi
Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarning saralash imtihonlari natijalariga ko‘ra, Toyloq tumanidagi 57- umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi Akmal Mansurov 100 foizlik natija ko‘rsatdi.
Akmal Mansurov 2011 yilda Samarqand davlat universitetining matematika fakultetini, 2013 yil shu oliygohning magistraturasini tamomlagan.
U 2022 yil davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Pedagogning 500 ga yaqin o‘quvchilari oliygohlarga yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilingan. O‘qituvchining ta’kidlashicha, u 2019 yilda qo‘lga kiritgan “Milliy sertifikat” tufayli oylik maoshiga 20 foiz ustama olib keladi.
- O‘zimga ishonardim. Vazir jamg‘armasi uchun o‘tkazilgan imtihonlarni shaffof tashkil etganligi uchun tashkilotchilarga tashakkur, - deydi u. - Bugun mamlakatimizda bilimga, aqliy mehnat bilan shug‘ullanayotgan yoshlar, izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlanayotganligidan xursandman. Kelajakda o‘z ustimda ishlab, ta’lim sifatini oshirishga va’da beraman. Vazir jamg‘armasining ikkinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tsam, 1000 dollar maosh olaman.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.