Toyloqlik yoshlar “Ko‘pkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasining respublika bosqichiga yo‘llanma oldi
Samarqand shahrida “Tinchligimiz, taraqqiyot va farovonlik uchun!” shiori ostida kasb-hunar maktablari va texnikumlar o‘quvchilari o‘rtasida “Ko‘pkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada bellashuvlarning tuman va shahar bosqichlarida saralangan 16 jamoa tezkor savol-javob, AKM avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, kamondan o‘q otish, harbiy biatlon, arqon tortish shartlari bo‘yicha mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Bellashuvlar natijasiga ko‘ra, Toyloq tumani 1-kasb-hunar maktabining “Jasorat” jamoasi birinchi o‘rin bilan musobaqa ko‘chma kubogi hamda respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi, uchinchi o‘rinlar Jomboy va Narpay tumanlari 2-kasb-hunar maktablarining “Qalqon” jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.