To‘yning nizomini kim yozayapti?

"To‘y" so‘zining lug‘aviy ma’nosi milliy qadriyatimizga borib taqalishi tabiiy, bu haqda deyarli barcha lug‘atlarda izoh berilgan. Yosh to‘yi, muchal to‘yi, nikoh to‘yi va hokazo. Ammo shu paytgacha hayotda saqlangan bo‘lsa-da, qog‘ozda, ya’ni norma sifatida to‘yning nizomi yozilmagan. Shuning uchun ham uni har kim o‘zicha o‘tkazyapti.

Mening xavotirim shundaki, mahalla ham, jamoatchilik ham, ayniqsa ziyolilar ham, hatto hokimiyat ham o‘zini chetga olib turgan bir paytda, "tadbirkor"lar to‘yning nizomini allaqachon yaratib bo‘lishdi.

To‘g‘ri, u qaysidir jamoada muhokama qilinmagan, qabul qilinmagan, imzolanmagan, lekin bu nizom talablarini bajarmasdan ilojingiz yo‘q.

Misol uchun…

To‘y o‘tkazmoqchi bo‘lgan fuqaro to‘yning kunini ham belgilash huquqidan mahrum. Chunki avval to‘yxona egasi va san’atkorning roziligini olish kerak. Binobarin, u qancha mehmon aytishi va dasturxonga nimalar qo‘yilishini ham hal qilolmaydi. Chunki to‘yxonalar hajmi (o‘zlari aytganday "oboroti")ga qarab mehmon chaqirishga majbur. Mehmon jon boshiga qo‘yiladigan taom va ijara puli miqdorini ham to‘yxona egasi belgilab beradi.

To‘ychi to‘yni boshlovchini tayinlay olmaydi, uni san’atkorlar o‘zi bilan birga olib keladi.

To‘yning yarmi o‘tganda eshikdan kirib keladigan taniqli san’atkorni to‘y egasi to‘xtata olmaydi: "birrov" keluvchi bunday hofizlarni maxsus "tashkilotcha"lar davraga majburan olib kirishadi. Bundan tashqari, davraga majburan kiradigan yevropacha va milliy raqs ijrochilari ham bor. To‘ychi esa mehmonlarning olqishi-yu hayratidan keyin har bir kelgan "birrov"chiga 100-200 dollardan berishi shart.

Darvoqe, ertaga to‘y degan kuni, kelinning eshigida hech kimdan so‘rashmasdan "hojatbaror"lar paydo bo‘ladi. Ular darvoza oldiga shar o‘rnatishadi, to‘shak to‘shashadi, gullar bilan bezab, karnay-surnay chalishadi, kelinni nikoh kechasiga olib borgunga qadar olib yuruvchi mashinalarni keltirishadi. Bu masalada ham to‘ychi akamiz hech narsa qilolmaydi. Negaki — "qoida" shunday. E’tiroz bildirgudek bo‘lsa, xotin-xalajdan baloga qoladi.

Xullas, bitta savolga javob qolyapti: to‘ychining nima huquqi bor o‘zi?

Keling, lo‘nda qilib ayta qolaylik — uning faqat xarajatlar pulini to‘lash huquqi bor. Boshqasi allaqachon "tadbirkor"lar qo‘liga o‘tib bo‘lgan.

Men ko‘rganlarim, kuzatganlarimni yozdim. Siz nima deysiz, azizlar?

Farmon Toshev.