To‘yning qoidalari “to‘ychi”ning ixtiyoridan chiqib ketyapti

Avvalroq saytimizda “To‘yning nizomini kim yozadi?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Maqolaga munosabatlar ichida Paxtachi tumanida yashovchi mehnat faxriysi Jo‘raqul Narzullayevning mulohazalari e’tiborimizni tortdi. Muallif tahririyatga yuborgan xatida o‘zi o‘tkazgan bitta to‘ydagi sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan yangi odatlar haqda so‘z yuritgan.
“Farmon Toshevning ushbu mavzudagi mulohazalarini o‘qib, bir “to‘ychi” sifatida o‘z boshimdan kechirganlarimni yozishga qaror qildim.
Ezgu niyat bilan boshlagan to‘yimizni ham o‘tkazib oldik. Erta tongda uyg‘onib, butun to‘y davomida yugur-yugurlar bilan o‘zim hech narsa yemaganimni eslab turgan edimki darvoza taqillab qoldi. Tashqariga chiqsam, bir begona yigitcha, qo‘lida bir dasta suratlar ushlab turibdi. Kecha, men kimlardir bilan tushgan ekanman, endi pulini to‘lab suratlarni olishim kerak emish. Keksa odamman to‘yda ichganim yo‘q, ammo kimlar meni va mehmonlarni suratgan olganini qanday nazorat qilardim. Qolaversa, hozir hammada telefon, o‘zimiznikilar keraklicha suratga olishgan bo‘lsa, bu yigitni kim chaqirgan ekan.. Nachora, taxminan 200 ming so‘mcha to‘lab, rasmlarni oldim. Suratlarga qiziqmadim ham.
Ana shundan keyin darvoza taqillatishlar davom etdi. «Fata»chi qizlar, “Video”chi, kuyov-kelinning stoliga “chodir” qo‘rganlar, to‘yxona tashqarisida osmonga “salyut” otganlar, “salat”chi opalar... xullas, ko‘pchilik kelib ketdi. Men tobora yoqa ushlayman, o‘g‘lim esa pinagini ham buzmaydi. Aksincha, “Dada, hali “kortejchi”larga ham to‘lashimiz kerak, ko‘p emas, bir yarim milliongina” deydi.
Yaxshiyamki kecha “muzikant”lari, “karnay-surnaychi”lari, davrakashi, “kelin salomchi”lari, to‘yxona ichki yo‘lagini bezovchilari, yana qanaqadir “dizayn”chilarini “rasshet” qilgan ekanman. Bo‘lmasa ular ham darvozam oldida bo‘lishardi.
Ha mayli, to‘y o‘tdi. Pul bor ekan to‘ladim, ozmi ko‘pmi qarz bo‘lsa, uzarman. Biroq, yuqoridagi maqolada so‘z borganidek to‘ylarimizga “pullik xizmat” turi shunchalik ko‘payib ketgani va hali ham ko‘payayotgani meni hayron qoldirdi. Ularni kim o‘ylab topmoqda?
O‘ylab qolaman, bu o‘zim o‘tkazgan to‘ydagi rasm-rusumu yangiliklarning yarmidan ham xabarim yo‘q. Rostanam, to‘yning “Nizomi”ni kim belgilayapti? Men to‘ychi bo‘lsamu meni ruxsatimsiz, meni xohishimsiz nega boshqalar to‘yga egalik qilayapti?
To‘y so‘ngida osmonga “paqa-paq” salyut otguvchilarga balo bormi? To‘g‘ri, ular ham o‘z-o‘zidan kelishmaydi. Bir "boyvachcha" o‘z to‘yiga shu narsani tashkil qilgan. Bo‘ldi, "qovun qovundan rang oladi"deganlaridek yoshlarimizga bu "yuqadi".
Jurnalist mulohazasida ta’kidlanganidek to‘yxonalarni qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar bosib oldi. Ular nazarimda to‘y egalari bilanmas, restoran xo‘jayinlari bilan kelishsa kerak, yana kim bilsin”.
Jo‘raqul Narzullayev, mehnat faxriysi.