To‘yxonalar Samarqand shahridan ko‘ra, Urgutda ko‘p

Xalqimizda nima ko‘p, to‘y-maraka, marosim ko‘p. Bugungi kunda bunday tadbirlarning deyarli hech biri hovli-joylarda o‘tkazilmayapti.

Bundan tashqari, oilaviy marosim va tantanalarni dabdabali o‘tkazish tobora avj olib bormoqda. Shu bois Oliy Majlisning yuqori va quyi palatalari qo‘shma qaror qabul qilib, to‘yxonalar egalariga alohida mas’uliyat yukladi.

Umuman, to‘yxonalar joylashuv o‘rniga qarab, aylanma mablag‘idan soliq to‘laydi. Ya’ni, amaldagi tartibga ko‘ra, aholi soni 100 ming va undan ko‘p bo‘lgan shaharlardagi to‘yxonalar 8, boshqa aholi punktlaridagi to‘yxonalar 6, borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlardagi to‘yxonalar esa 4 foiz daromad solig‘i to‘laydi.

Aslida umumiy ovqatlanish korxonasi hisoblanuvchi to‘yxonalarning 232 tasi viloyatimiz soliq idoralarida ro‘yxatdan o‘tgan. Viloyat davlat soliq boshqarmasidan olingan ro‘yxatga ko‘ra, eng ko‘p - 32 ta to‘yxona Urgut tumanida joylashgan bo‘lib, bu Samarqand shahridagidan ham ikkitaga ko‘p.

Boshqa hududlarda ro‘yxatga olingan to‘yxonalar 20 taga ham yetmaydi. Masalan, Payariq, Past Darg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 16 tadan, Samarqand, Oqdaryo va Narpay tumanlarida 15 tadan va Ishtixon tumanida 14 ta to‘yxona mavjud.

Paxtachi va Bulung‘ur tumanida 12 tadan, Toyloq tumanida 11 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 10 ta to‘yxona umumiy ovqatlanish korxonasi sifatida soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga olingan. Viloyatda eng kam to‘yxona Qo‘shrabot tumanida qayd etilgan – 4 ta, jomboyliklarga esa 6 ta, nurobodliklarga 8 ta to‘yxona xizmat ko‘rsatar ekan.

Yoqubjon GADOYeV tayyorladi.