Tozalik kutma, uni o‘zing boshla!

Yo‘q, bu shunchaki shior emas, avvalo o‘zimga eslatma o‘laroq qog‘oz qoralayapman.
"Maroqand obod" davlat muassasasi ma’lumotlariga ko‘ra, har kuni Samarqand shahridan 600–700 tonna maishiy chiqindi tashib ketilarkan. Uning 20 foizini belgilanmagan joylarga tashlangan chiqindilar tashkil etarkan.
Mutasaddilarning qayd etishicha, bugungi kunda yo‘l chetida, ko‘p qavatli uylar atrofida, kanal yoqalarida chiqindi to‘planishi odatiy holga aylangan.
Chiqindi qutisi to‘lib-toshgani, olib ketilishi kechikayotgani yuzasidan aholining noliyotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin tan olaylik, ko‘p holatlarda quti bo‘sh tursa ham chiqindini uning yoniga tashlab ketyapmiz. Demak, muammo xizmat ko‘rsatish sifatida emas, o‘zimizning ekologik madaniyatimizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Chiqindiga munosabatda dunyoda eng ibratli davlat Yaponiya va yapon xalqi, desak xato bo‘lmaydi.
– Ishonasizmi, bir necha kun yurib biror joyda mayda bo‘lsa ham chiqindini, ko‘chalarda chiqindi qutilarini ko‘rmadim, - deydi yaqinda kunchiqar yurtda xizmat safarida bo‘lgan shahar mas’ullaridan biri. – Tizim ishi shunchalik tartibli tashkil etilganki, ko‘rib havas qilasiz. Aholi madaniyatiga esa umuman gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Avvalo, chiqindi turiga qarab maxsus qutilarga yoki belgilangan joyga tashlanadi. Va deyarli barchasi qayta ishlanadi.
Chiqindi paydo bo‘lishidan tortib, har joyda sochilib yotmay qayta ishlanib foydali mahsulotga aylanishigacha bo‘lgan jarayonda asosiy rolni yapon fuqarolari o‘ynaydi. Ya’ni, ularning ongli munosabati bilan butun dunyo havas qilgulik tizim yaratilgan.
Bunga katta-katta jarimalar orqali emas, oila va ta’lim muassasalaridagi to‘g‘ri tarbiya, bolalikdan o‘rgatilgan ekologik madaniyat, atrof-muhitni muaffo saqlash, tozalik va shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilish bilan erishilgan.
Bolalar maktabda tozalikka avvalo o‘zi mas’ulligi uqtiriladi, hatto darsdan so‘ng sinfni o‘quvchilar tozalaydi. Uyda, ko‘cha-ko‘yda odamlar bo‘shagan suv idishi yoki muzqaymoq o‘ramini duch kelgan joyga uloqtirmay xonadoniga olib kelib, maxsus paketlarga joylaydi. Kelajak avlodga ibrat ko‘rsatadi.
Bizdachi? Bizda esa ko‘pchiligimiz chiqindini istagan joyga tashlab ketaveramiz. Natijada bog‘cha yoki maktab hovlilarida, istirohat bog‘lari va boshqa dam olish maskanlarida, ko‘cha chetlari va ariqlarda ham turli xil chiqindilarni ko‘rishimiz mumkin.
Biz o‘zimizku ibrat bo‘lmaymiz. Hech bo‘lmaganda, ariqqa yoki ko‘cha chetiga chiqindi tashlayotgan qo‘shnimizni bu ishi noto‘g‘riligini aytish o‘rniga “menga nima?” deb e’tiborsiz bo‘lamiz. Maktab o‘quvchisi banan po‘chog‘ini yerga tashlaganini ko‘rsak, “ha, endi bola-da” deb qo‘yamiz.
Aslida bular shunchaki qilmish emas, jamiyatdagi umumiy ong darajasining aksidir.
Chiqindi konteynerlari bor, tozalikni targ‘ib etishga qaratilgan aksiyalar o‘tkazilyapti, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ammo qachonki butun ko‘cha, mahalla, shahar ahli saranjom-sarishta yashashga o‘rgansa, obodlik har birimizga bog‘liqligini his qilsa, yurtimiz toza-ozoda bo‘ladi. Bu jamoaviy tarbiya, umumiy ong masalasidir.
Chiqindi tashlashdan avval o‘ylab ko‘raylik: bu yurt bizning yuzimiz, bu yerda biz yashaymiz.
Olim Sonniboyev.