Tramp Rossiyani gipertovushli raketalar texnologiyasini o‘g‘irlaganlikda aybladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyani oldingi prezident Barak Obama ma’muriyatidan qurol yaratilishidagi texnologiyalarni o‘g‘irlaganidan so‘nggina gipertovushli qurollarni yarata olganini ta’kidladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Tramp uni AQSh maxfiy ma’lumotlarini oshkor qilganligi to‘g‘risidagi ayblovlarga shunday javob qaytardi.

“Qandaydir ahamiyatsiz odam aytadi: “Menimcha, u maxfiy ma’lumotni oshkor qildi” deb. Yo‘q, men bor-yo‘g‘i dunyoga, bizda eng qudratli qurol borligini ma’lum qildim, hatto bu qanaqa qurol ekanligini ham aytmadim. Umid qilamanki, biz hech qachon undan foydalanishga majbur bo‘lmaymiz. Bizda oddiy raketadan besh barobar kuchli super-gipertovushli raketa bor. Rossiya esa ushbu ma’lumotni Obama ma’muriyatidan o‘g‘irladi va o‘zining shunday raketasini yasadi”, dedi Tramp saylovoldi tadbirida qilgan chiqishida.

Tramp yana bir bor AQSh dunyodagi eng qudratli qurolga ega ekanligini e’lon qildi. “Bizda insoniyat tarixida barpo etilgan eng qudratli qurol bor”, deb ta’kidladi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu shunchalik qudratli qurolki, Rossiya va Xitoyning AQShga faqatgina hasad qilishdan boshqa chorasi qolmaydi.

“Ular bizda nima borligini bilishmaydi. Biroq bu hech kim, hech qachon ko‘rmagan va eshitmagan nimadir ekanini bilishadi”, deya qo‘shimcha qildi Tramp.