Triatlon: Samarqand uch kun davomida nufuzli sport musobaqasiga mezbonlik qiladi
9-10-11 iyun kunlari Samarqand shahrida triatlon bo‘yicha “2023 Asia Triathlon Cup Samarkand” xalqaro musobaqasi va O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli sport musobaqasini o‘tkazishga tayyorgarlik qanday? Unda necha davlatdan qancha sportchi qatnashadi? Musobaqa va chempionatni har tomonlama sifatli o‘tkazish uchun imkoniyatlarimiz qanday? Xavfsizlik-chi?
Viloyat Matbuot uyida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov va boshqa mutasaddilar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu kabi savollarga javob izlandi.
- Sportning triatlon turi o‘ta murakkab va bunday musobaqani har qanday davlat ham o‘tkaza olmaydi, - deydi R.Qobilov. - Samarqand shahrida esa triatlon xalqaro musobaqasini o‘tkazish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar bor. Eng muhimi, hududimizda xalqaro suzish talablariga javob beruvchi eshkak eshish kanali mavjud. Shu bois 9 iyun kuni O‘zbekiston tarixida ilk bor «Para-triatlon bo‘yicha Samarqand – 2023 Osiyo chempionati» bo‘lib o‘tadi. Unda dunyo davlatlaridan 80 ta para-sportchi ishtiroki rejalashtirilgan. Para-sportchilar SPRINT masofasida (750 metr suzish, 20 kilometr velosipedda harakatlanish, 5 kilometr yugurish) o‘zaro raqobatlashadi.
10 iyun kuni «Samarqand – 2023 Osiyo triatlon kubogi» bo‘lib o‘tadi. unda dunyoning eng yaxshi sportchilari: 50 nafar ayol va 50 nafar erkak ishtirok etadi. Shu kuni Osiyo kubogi doirasida Markaziy Osiyo sportchilari o‘rtasida (CATA – Central Asia triatlon Association) alohida musobaqa va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
11 iyun kuni «Samarqand – 2023, triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati» bo‘lib o‘tadi. Unda STANDART va SUPER SPRINT masofalarida Elite, U23, 15-17 yoshlar va 16-19 yoshli o‘smirlar o‘rtasida triatlon bo‘yicha milliy va yoshlar terma jamoasiga saralash o‘tkaziladi. Shuningdek, shu kuni shaxsiy va jamoaviy musobaqalarda professionallar toifasiga kirmagan, 300 nafar havaskor triatlonchilar ishtirok etadi. Ushbu musobaka ikki masofada o‘tkaziladi: Olimpiya (1500 metr suzish, 40 kilometr velosipedda harakatlanish, 10 kilometr yugurish) va Super-sprint (350 metr suzish, 13 kilometr velosipedda harakatlanish, 3 kilometr yugurish).
Musobaqaning asosiy qismi Samarqand eshkak eshish kanali hududi - "Buyuk ipak yo‘li" xalqaro sayyohlik majmuasida bo‘lib o‘tadi. Ammo triatlonning velosipedda harakatlanish qismi Samarqand shahri bo‘ylab o‘tkaziladi. Buning uchun shahar va unga tutash Samarqand tumani hududidagi yo‘llar vaqti-vaqti bilan yopiladi. Sportchilar va tomoshabinlarning xavfsizligini ta’minlash uchun ichki ishlar organlari, milliy gvardiya xodimlari hamda ko‘ngilli volontyorlar xizmatidan foydalaniladi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari savollariga atroflicha javob berildi.