Tumanlarda hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari endi qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i lavozimini egallaydi

Prezident qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy rahbarlari hokim o‘rinbosari lavozimini egallashi belgilanmoqda. Vazirlikning hududiy tarkibiy bo‘linmalarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodim lavozimi joriy etilyapti.

Prezidentning shu yil 2 dekabr kuni «Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tuzilmalariga — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining va viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimi;

- tuman hokimliklari tuzilmalariga — hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i lavozimi kiritiladi.
Ular, asosan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohalarini modernizatsiyalash, diversifikatsiya qilish va barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya kapitali oqimini ko‘paytirish orqali sohada davlat ishtirokini kamaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratadi.