Turg‘ut O‘zal yoxud Turkiyaning sobiq Prezidenti ziyorati

Bugun Turkiya taassurotlarimga oid oxirgi maqolamni e’lon qilaman. Safarim davomidagi oxirgi ziyoratim, Prezident ziyorati, Turg‘ut O‘zal ziyorati haqidagi maqolamni.

Turkiya uchun buyuk xizmatlar qilgan, turk xalqining cheksiz muhabbatini qozongan Prezident qabrini ziyorat qildim.

Prezident haqida

Xalil Turg‘ut O‘zal 1927 yilda Turkiyaning Malatya shahrida tug‘ilgan. Otasi bank xodimi, onasi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan. Bolaligida uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan. Ammo otdan yiqilib, qo‘li singach, orzusidan umid uzgan.

Oilasi avval Silifkega, keyin Sogutga ko‘chgan. Shu yerda maktabda o‘qishni boshlagan. Ammo maktabni ishi yuzasidan doim ko‘chib yuradigan otasining yana bir ko‘chib borgan shahri Mardinda tugatgan. Oliy maktabni esa Ko‘niya va Qaysarida bitirgan.

Istambuldagi Texnika universitetini tugatgan. 1950-1952 yillarda AQShda ishlagan. Harbiy xizmatdan keyin Yaqin Sharq texnika universitetida ma’ruzalar o‘qigan. Vataniga qaytgach, turli davlat idoralarida va xususiy korxonalarda ishlagan.

Nihoyat, energetika va tabiiy resurslar vazirligiga ishga o‘tgan. 1960-1961 yillarda Mudofaa vazirligida ilmiy maslahatchi bo‘lgan. 1966-1971 yillarda Davlat plan komissiyasi raisi bo‘lgan. 1971 yildan esa yana Amerikaga ketib, Xalqaro bank boshqaruvida ishlagan.

1979 yilda Bosh vazir Sulaymon Demirelning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi va Davlat plan tashkiloti rahbari, 1980-1982 yillarda Bosh vazir Byulend Ulusuning iqtisod bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. 1983 yilda “Ona Vatan partiyasi”ni tuzdi va o‘sha yili partiya saylovlarda g‘olib bo‘lib, Turg‘ut O‘zal Bosh vazir lavozimini egalladi. 1987 yilgi saylovda ham shunday bo‘ldi.

1989 yilgi saylovlarda mutlaq g‘olib bo‘lgan Turg‘ut O‘zal Turkiyaning 8-Prezidentiga aylandi.

SSSR tarqab ketgach, Turg‘ut O‘zal Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon bilan aloqalarni mustahkamlashni boshladi. U buyuk bir turkiy davlat qurish niyatida edi va bu turkiy davlat lideri sifatida, albatta, Turkiyani ko‘rardi.

Iqtisodiy masalalarda Turg‘ut O‘zal Adnan Mandarasning siyosatini qo‘lladi. U bozor iqtisodiyoti tarafdori edi. U amalga oshirgan islohotlar natijasida Turkiya iqtisodiy sohada buyuk muvaffaqiyatlarga erishdi. Turg‘ut O‘zalning islohotlari bois Turkiya yalpi milliy mahsulot ishlab chiqarish borasida Usmoniylar imperiyasi davridagi, 1908 yildagi ko‘rsatkich darajasiga ko‘tarildi.

Davlat ishida ishlagan turk hamsuhbatim Sinanbey Akchalning e’tirof etishicha, Turg‘ut O‘zal Turkiyani kamida 20 yil oldinlatib yuborgan Prezidentdir!

Bir go‘zal ish

Ozarbayjonda Abulfayz Aliyev degan odam o‘tgan. U aslida ilm odami bo‘lgan. Oliygohda dars bergan. Ammo ancha to‘polonchi odam bo‘lgan. O‘z talabalariga kuch ishlatar tizim panturkizm deb vahima qiladigan yagona buyuk turkiy davlat qurish g‘oyalarini singdirgan, ularni ham, hamkasblarini ham shunga da’vat qilgan. Bu hali 1970 yillarda bo‘lgan va uning bu to‘polonlarini o‘sha zamondagi KGB yaxshigina “siylagan”. O‘z hamkasblarining chaquvi bilan qamalib ham chiqqan. Ammo “ko‘zi ochilmagan”. O‘ziga xalq elchisi ma’nosida Elchibey degan taxallus olib, xalq ichida o‘z g‘oyalarini tarqatavergan.

Eng qizig‘i, SSSR tarqaganda xalq o‘z erki bilan saylov o‘tkazgan va Abulfayz Elchibeyni Ozarbayjon Prezidenti qilib saylagan. (Ozarbayjonda o‘tgan yagona erkin demokratik saylov ham shu bo‘lgan bo‘lsa kerak!)

Afsuski, uning Prezidentligi juda noxush yillarga to‘g‘ri keldi. Siyosiy parokandalik, iqtisodiy tangliklar yetmaganidek, Armaniston ham Tog‘li Qorabog‘ni bosib oldi. Bu ishlarda tajribasi bo‘lmagan Elchibey na hukumatni epladi, na harbiylarni yo‘lga sola oldi. Harbiylarning isyonidan Naxchevanga qochib ketgan Prezidentni Milliy Majlis ishdan chetlatdi va hukumat tepasiga Haydar Aliyev keldi.

Men hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan voqea hali Elchibey “otga minmasdan” avval, tazyiq va ta’qiblar ostida yurganida sodir bo‘lgan.

1991 yilda Moskvaga rasmiy tashrif bilan kelgan Turg‘ut O‘zalni rasmiy qabuldan keyin SSSR Prezidenti Mixail Gorbachyov “xufiyona uchrashuv”ga taklif qiladi va uni ancha maqtaydi, xalqaro obro‘si baland ekanini, Ukraina Prezidenti ham uni qattiq hurmat qilishini aytadi va undan bir nimani iltimos qiladi:

– Shu, Ukraina Prezidentining salgina qulog‘ini burab qo‘ysangiz, menga quloq solmay qo‘ydi, sizga shaxsiy samolyotimni beraman!

– Buni boplaymiz, – deydi Turg‘ut O‘zal. – Ammo mening ham bir iltimosim bor. Men qaytishimda Ozarbayjonda to‘xtab o‘tishim kerak, shu Prezidenti Mutallibov meni sal xushlamaydi, o‘tgan gal borganimda xalqning men bilan salomlashishiga ham izn bermadi, siz uning qulog‘ini burab qo‘ysangiz.

– Muammo yo‘q, – deydi Gorbachyov. – Natijani borganda ko‘rasiz.

Turg‘ut O‘zal Kiyevga uchdi, Prezidentiga nasihat qildi, keyin Bokuga uchdi.

Ana tomosha! Mutallibovning o‘zi Turg‘ut O‘zalni aeroportda, samolyot tagida kutib oldi-ku! “Xush kelibsiz, o‘zimning akam”, deb yubordi-ku!

Aeroport to‘la odam, ko‘chalar to‘la odam. Hammasining qo‘lida Turkiya bayrog‘i. Turg‘ut O‘zal odamlar bilan ko‘rishdi, odamlar Turg‘ut O‘zal bilan yig‘lab ko‘rishdi. Ertasiga hamma ish bitgach, Turg‘ut O‘zal o‘z yordamchisi Ishbasharanni chaqirdi.

– Men Abulfayz Elchibey qayerda yashashini aniqladim, mana bu konvertda ellik ming dollar bor, shuni unga olib borib ber va mendan salom ayt!

– Afandim, KGB ortimizdan izma-iz kuzatib yuribdi, ular bilib qolsa, nima bo‘ladi?

– Hech narsa bo‘lmaydi, – deydi Turg‘ut O‘zal kulib.

Ishbasharan KGB maxfiylari kuzatuvida Bokudagi bir uyga boradi. Eshikni soch-soqoli o‘sib ketgan, majnunsifat Elchibey ochadi. Ishbasharan unga konvertni tutqazib, buni unga Turkiya Prezidenti Turg‘ut O‘zal berib yuborganini aytadi.

– U sizga salom aytdi!

Elchibey konvertga ham, ichidagi narsaga ham e’tibor qilmas, yosh boladek yig‘lar va nuqul “Mening og‘am Turg‘ut bu yerda! U Ozarbayjonda!” derdi. Ishbasharan uning holatidan mutaassir bo‘lib, ko‘zida yosh bilan mashinaga o‘tirar ekan, ortidan Elchibeyning baqirganini eshitdi:

– Og‘amni men uchun bag‘ringga bos!

Albatta, bu pullar unga rosa asqotgan bo‘lishi kerak. Hech bo‘lmaganda ovozi baland bo‘lgan Elchibey umumxalq saylovida g‘olib bo‘lib, Prezident ham bo‘ldi.

Bosh vazirga suiqasd

1988 yil 18 iyunda “Otaturk” sport salonida o‘tayotgan “Ona Vatan partiyasi”ning s’yezdi paytida Kartal Demarag degan kishi partiya raisi va Turkiya Bosh vaziri Turg‘ut O‘zalning joniga qasd qildi. Unga otilgan ikki o‘qdan Turg‘ut O‘zalning qo‘li jarohatlandi. Ammo otishmalar chog‘ida 18 kishi yarador bo‘ldi. Mehnat vaziri Imron Oyqut xonim ham yaralandi.

Kartal Demiragni avval otishga hukm qilishdi, keyin qatlni 20 yillik qamoq jazosi bilan almashtirishdi.

Bu voqeaning diqqatga sazovor joyi shundaki, Turg‘ut O‘zal Prezident bo‘lgach, o‘zining joniga qasd qilgan ashaddiy dushmani, maxfiy tashkilot a’zosi bo‘lgan Kartal Demiragni kechirdi va ozod qildi.

Bunaqasi insoniyat tarixida eng noyob hodisalardan biridir.

O‘xshamagan xotima

Oti O‘zal bo‘lgan, ishlari go‘zal bo‘lgan, Turkiya davlati va turk xalqi uchun buyuk xizmatlar qilgan Turg‘ut O‘zalning umri ham go‘zal o‘tishi kerak edi, ammo unday bo‘lmadi. Turg‘ut O‘zalning umri xunuk xotima topdi. U o‘z ajali bilan o‘lmadi. Uni o‘ldirishdi!

Asli qonida kurd qoni borligini, ajdodlari kurd bo‘lganini boshqa rahbarlardan farqli o‘laroq, hech qachon yashirmagan Turg‘ut O‘zal 1993 yil 17 aprelda kurdlar bilan qurolli mojarolar to‘xtatilishini e’lon qilmoqchi edi. Ammo shu kuni uning yuragi urishdan to‘xtadi!

Kurdlarning taxmini bo‘yicha uni Turkiya maxsus xizmati zaharladi. Ayoli va o‘g‘lining taxminicha, Turg‘ut O‘zalning buyuk bir turkiy davlat tuzish falsafasidan qo‘rqqan, hali endigina SSSR tarqab, hali Markaziy Osiyo davlatlarini qo‘ldan chiqarishni istamayotgan, MDH yoki boshqa shaklda bo‘lsa-da, u davlatlarni o‘z ta’sirida, qulligida ushlab turishni istagan SSSR KGBsining maxfiylari zaharlagan.

Ozarbayjonlarning taxminicha, armanilar bilan yarash-yarash siyosatini olib borgani uchun ozarbayjonlar zaharlagan. Armanilarning taxminicha, ...

Nima bo‘lganda ham Markaziy Osiyo davlatlari, bizning O‘zbekistonimiz va Ozarbayjonga qilgan safaridan keyin Turg‘ut O‘zal bunaqa paytlardagi navbatchi diagnoz – “o‘tkir yurak yetishmovchiligi”dan vafot etdi.

2012 yilda qabrini ochib, laboratoriya tekshirishlarini o‘tkazishganida Turg‘ut O‘zalning tanasida besh xil zahar borligi aniqlandi - ameritsiy, poloniy, kadmiy, DDT va strixnin-keratin. (DDT bizda serob edi o‘sha yillari. Omborxonaga aylantirilgan masjidlarda tonnalab tiqilib yotardi. Paxtaga ham separdik, odamga ham separdik...)

Aytib qo‘yay, Turg‘ut O‘zalning o‘limi haqidagi yuqoridagi gaplarning hammasi –  mening shaxsiy fikrlarim. Uning o‘limi bo‘yicha rasmiy xabarlar, hatto hukumatning ham bayonotlari boshqacha: Turg‘ut O‘zal infaktdan o‘lgan!

Turg‘ut O‘zal o‘zini to qiyomatgacha buyuk sulton Mehmat Fotihning ruhi qo‘riqlab turishini va o‘zi beqiyos hurmat qilgan Adnan Mandarasning yonida bo‘lishini istab, jasadini To‘pqapi tepaligiga, Mandaras maqbarasi yoniga dafn qilishlarini, mabodo maqbara qilsalar, Allohning rahmati bo‘lgan yomg‘irlardan to‘smasligi uchun ustini yopmasliklarini vasiyat qildi.

Turg‘ut O‘zal vasiyati bo‘yicha Adnan Mandarasning maqbarasi yoniga dafn etildi va uning qabri ustiga qurilgan tengi yo‘q go‘zal maqbaraning ham usti ochiq. Turg‘ut O‘zal qabri ustiga Allohning rahmati bo‘lib, yomg‘irlar tushib turibdi...

Prezidentning oilasi

Turg‘ut O‘zal birinchi nikohidagi ayoli Oyxon Inalla bilan juda ham kam yashagan. Bu 1952 yilda bo‘lgan. Ikkinchi safar 1954 yilda u hamkasbi Semre O‘zalga uylangan va undan uch farzand ko‘rgan: Ahmad, Zaynab, Efe.

O‘g‘li Tavfiq Ahmad O‘zal Shimoliy Karolina universitetini tugatgan, siyosatchi. Hozir 65 yoshda va u «Uzan Group» i «Özal Group» kompaniyalarining asoschisidir.

Ahmad O‘zal Turkiyadagi birinchi xususiy telekanal «Magic Box» (hozirgi «Star TV») telekanalini ochgan! Otasining partiyasi “Ona Vatan partiyasi” raisi o‘rinbosari bo‘ldi. Istambul hokimligi (boqonligi) saylovida 1 foiz ovoz kam olib, yutqizdi.

Ahmad O‘zal Turg‘ut O‘zal Universiteti boshqaruvi tarkibiga kiritilgan edi. Ammo bu universitet Gyulen harakatiga aloqador deb gumonlanib, yopildi...

So‘ngso‘z o‘rnida

Turg‘ut O‘zalning xotirasiga Universitet, maktablar nomlangan. Olma-Ota shahrida Turg‘ut O‘zal nomidagi ko‘cha bor.

Turkiyaga borsangiz, albatta, Istambulga borasiz!

Istambulga borsangiz, albatta, To‘pqapiga borasiz!

To‘pqapiga borsangiz, albatta, Adnan Mandaras va Turg‘ut O‘zaldek turk xalqining buyuk o‘g‘lonlari, Islom uchun xizmat qilgan buyuk dindoshlarimizning qabrlarini ziyorat qiling! Uch oyat bo‘lsa ham Qur’on o‘qing!

Alloh ularni rahmat qilsin!

Darvoqe, ziyoratimiz haqida kichik bir videolavhani mana bu havola orqali ko‘rishingiz mumkin:

Karimberdi To‘ramurod,

Istambul shahridan zarnews.uz sayti uchun maxsus.