Turistik-rekreatsion zonada etno, eko, agro, ekstremal hamda djaylo turizm yo‘lga qo‘yiladi
Samarqand tumani 3-sektori hududida, shuningdek, 14 ta maktabda qiymati 430 million so‘m bo‘lgan 150 ta ovozli videokameralar o‘rnatilib, ta’lim jarayoni onlayn boshqariladi.
Bu haqda tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Anvar Rahmatov hududda 2023 yil yakuniga qadar aholi bandligini ta’minlash va jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha jamoatchilikka bergan hisobotida aytib o‘tgan.
Hisobotga ko‘ra, sektor hududida o‘quvchilarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va xonalarni jihozlash uchun 400 million so‘m ajratiladi.
Shuningdek, qolgan ishsiz aholining bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. Xususan, yil yakuniga qadar yana 2,6 ming ishsizlarni bandligini ta’minlash va qariyb 258 ta (1066 nafar aholi) oilani kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Misol uchun, tumandagi Ohalik, Oqbo‘yra va Mironqul tog‘li mahallalaridagi 1 720 gektar maydonda turizmni rivojlantirish, xususan, etno, eko, agro, ekstremal hamda djaylo turizm bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni safarbar qilgan holda “Ohalik-Oqbo‘yra-Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etiladi.
Loyiha doirasida 35 million dollar investitsiya jalb etilib, 3 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi hamda mahalliy byudjetga qo‘shimcha yillik 8 milliard so‘mlik tushumlar zaxirasi yaratiladi.
Anvar Rahmatov hisoboti davomida hududda huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlar va galdagi rejalar bilan ham o‘rtoqlashdi. Qayd etilishicha, mavjud 74 ta mahalladan 12 tasi “qizil”, 25 tasi “sariq” va 37 tasi “yashil” toifaga kiritilgan.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nomusga tegish, bosqinchilik va taransport vositasini olib qochish kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarning sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Lekin hududda yengil tan jarohati yetkazish (3/11), o‘g‘rilik (25/44), bezorilik (1/2) jinoyatlari oshgan.
Sektor rahbari bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga to‘xtalib, jamoatchilik oldida turgan vazifalarni ham qayd etdi.