Turizm sohasida Janubiy Koreya bilan hamkorlik mustahkamlanadi

Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti bosh kotibi - O‘zbekistonning Janubiy Koreya Respublikasidagi turizm brendi elchisi Kang Da Yun bilan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat rahbari Adiz Boboyev O‘zbekiston va Janubiy Koreya Respublikasi o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi. Uchrashuv xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.
Janubiy Koreya vakillari mamlakatimizda keyingi yillarda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti bosh kotibi Kang Da Yun o‘z faoliyati davomida O‘zbekistonning boy va betakror sayyohlik salohiyatini xalqaro miqyosda ilgari surish borasida samarali faoliyat ko‘rsatayotganini aytib, Samarqandning turistik imkoniyatlarini jahon bozorida faol targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratishini bildirdi.
Uchrashuv davomida Samarqand viloyat hokimligi vakillari Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalar va tashabbuslar haqida fikr almashdilar.