Turizmda fan va innovatsiya
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Turizm. Fan. Innovatsiya” xalqaro turizm konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada sohadagi ilmiy izlanishlar samarasini amaliyotda qo‘llash, innovatsion yondashuvlar asosida turizmni yanada rivojlanishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Unda xalqaro ekspertlar, sohaning xorijlik yetuk mutaxassislari turizm rivoji uchun bugungi kunda eng zarur bo‘lgan jihatlarga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, xorijlik mutaxassislar va yosh tadqiqotchilarning startaplar taqdimotlari o‘tkazildi.
Tadbir davomida turizm sohasiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali samaradorlikni oshirish, innovatsion texnologiyalarini joriy etish borasidagi yangiliklar taqdim etildi. Xususan, “S.A.T.I.A” MChJ sayyohlik kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan Samarqand tarixidan so‘zlovchi immersiv texnologiya tadbirda ko‘pchilikning e’tibor markazida bo‘ldi.
- Ushbu quloqchinda sayohat spektakli yuklangan, Bibixonim masjididan boshlangan sayohat spektakli qadimiy shaharning diqqatga sazovor manzillari bo‘ylab davom etadi, - deydi kompaniya rahbari Ravshan To‘raqulov. - Immersiv texnologiya mavjudlik effektini yaratish ma’nosini bildiruvchi so‘z bo‘lib, sayyohga sayohat davomida qadimiy shahar haqida hikoya qilib beradi. Spektakl hozircha ikki tilda – ingliz va rus tillarida taqdim etilyapti. Kelgusida yana bir nechta tillarda yuklanishi rejalashtirilgan.
Shu kabi IT tizimi orqali o‘zaro ta’sir qiluvchi eng yangi smart texnologiyalari, ko‘p tilli turistik yordam xizmatlari, shu jumladan, axborot xizmatlarini, navigatsiya xizmatlarini joriy etish va rivojlantirish turistik xizmatlarning mavjudligi, sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida shaharlarda elektron sayyohlik mehmon kartasini va shunga o‘xshash mobil ilovani ishlab chiqish va joriy etish ilovalarini qo‘llash soha rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatyapti. Bu kabi geolokatsion bilakuzuklar, mobil qo‘llanmalar, chiptalarni to‘lash dasturlari, virtual reallik texnologiyalari kabi texnik vositalarning qo‘llanilishi sayyohlarning tashrif buyurgan joylarini hisobga olgan holda ularning xohish-istaklarini aniq tahlil qilish imkonini beradi. Bu esa turizm biznesining rivojlanishiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tadbirda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori Iskandar To‘xliyev, Polsha Respublikasi Lublin texnologiya universiteti vakili Jerji Montusiyevich, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti runiversitet professori Nargis Nurilla va boshqalarning bugungi kunda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.