Turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni yoxud hududlarda ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyatlaridan foydalanish yo‘llari
Qolganlari esa turistik infratuzilmaning shakllanishini, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni, ma’lumotlar bazasi yaratilishini kutib turibdi.
Yurtimizdagi muqaddas qadamjolar va ziyorat maskanlarini obodonlashtirish hamda ta’mirlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi "Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorining qabul qilinishi va chora-tadbirlar dasturining ishlab chiqilganligi hududlarda hali o‘rganilmagan madaniy meros ob’yektlaridan samarali foydalanish imkoniyatini beradi. Bunday qadamjolar viloyatimiz hududlarida ham ko‘pdir.
Masalan, Payariq tumanidagi Navro‘ztepa, Filmonsoytepa, Oqtepa tabiiy tepaliklari, Nurobod tumanidagi Ostona bobo, Arabota, Ko‘chqorliota, Salovatota ziyoratgohlari, ming yoshli archa, Qo‘shrabot tumanida Qaynar avliyo bulog‘i, Narpay tumanidagi Xo‘ja Karizon ota, Ko‘k ota, Kattaqo‘r-g‘on tumanidagi Andoqiy, Kashan ota ziyoratgohi va bulog‘i, "cho‘kkan tuya" shaklidagi tabiiy yodgorliklar, Shovqiy qabristoni va Qalandarxona masjidi, Ishtixon tumanidagi Qoradaryo sohillari, Shayxlar qo‘rg‘oni, Paxtachi tumanidagi Imom Bahri Ota maqbarasi, Dobusiya qal’asi xarobalari, Jomboy tumani Xolvoyi qishlog‘idagi ziyoratgoh shular jumlasidandir. Urgut tumanida, ayniqsa, borib ko‘radigan ziyoratgohlar, so‘lim joylar anchagina. "Chor chinor" chinorlari va buloqlar, Favsul A’zam, Xo‘jabtol ota, Miqqilloq tosh, Xo‘ja Omon (Xo‘ja Muhammad Abdullo Al-Jivloniy) ziyoratgohi, Teshiktosh, Qaynar, Shirvog‘ota dam olish maskanlari, "Toshqo‘y" tabiiy haykali, Bug‘jamatosh, Toshkelinchak, Go‘rimor tabiiy tosh shakllari, Qaynarbuloq, Rohatbuloq buloqlari kimni maftun etmaydi deysiz.
Toyloq tumanidagi Toyloq ota qo‘rg‘oni, Bandikushon ziyoratgohi va boshqalar allaqachon obodonlashtirilib, ziyoratchilarni kutmoqda.
Yuqorida ta’kidlangan turistik yodgorliklar haqida aniq tarixiy-arxeologik ma’lumotlar va reklamaning yo‘qligi tufayli bu muqaddas qadamjolar faqat mahalliy aholi tomonidan ziyorat qilinmoqda. Natijada ushbu tarixiy obidalarimiz turizmni rivojlantirishda hali foydanilmagan katta salohiyat sifatida o‘z yechimini kutib turibdi.
Buning uchun hududlarda mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan moddiy madaniy meros ob’yektlarini aniqlab, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning takliflari asosida mahalliy ro‘yxatlarga kiritish lozim. Ob’yektlarning tegishli hujjatlari to‘planib, belgilangan shaklda rasmiylashtirilgan hujjatlar tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazishga yuborilishi kerak. Olingan ekspertiza xulosasi asosida ob’yektning ro‘yxatga kiritilishi hal etiladi.
O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolar va yodgorliklarni ziyorat qilishdan iborat bo‘lgan "kichik Haj" dasturini shakllantirish va hududlarni 2019-2029 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turizmni rivojlantirish qismini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hisobga olish lozim, deb o‘ylaymiz:
- hududlarda madaniy meros ob’yektlarining mahalliy ro‘yxatlarini shakllantirish va doimiy yangilab borishini ta’minlash;
- mahalliy hokimiyat va tegishli soha xodimlari bilan hamkorlikda mintaqalarda joylashgan tarixiy obida va yodgorliklarga olib boruvchi infratuzilmani shakllantirish maqsadida ularning elektron xaritalari, pasport va kadastr hujjatlarini tayyorlash;
- hududlarda joylashgan muqaddas qadamjolar va yodgorliklarni turistik dasturlarga kiritish choralarini ko‘rish, ushbu qadimiy yodgorliklar tarixi va u yerda saqlanib qolgan an’anaviy madaniyatni keng targ‘ib etish;
- hududlardagi o‘rganilmagan tarixiy obida va yodgorliklarni turoperator va boshqa tegishli mutaxassislar bilan birgalikda tadqiq etish hamda ma’lumotlar bazasini yaratish;
- turizm sohasidagi oliy o‘quv yurtlaridagi mutaxassislik fanlarini o‘qitish jarayonida xududlarda joylashgan tarixiy obida va yodgorliklar bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha amaliy darslarni tashkil qilish;
- turizm sohasining mazmun-mohiyati, uning ahamiyati, rivojlanishi natijalari, iqtisodiy va ijtimoiy funksiyalari bo‘yicha turli seminar-treninglar tashkil qilish va boshqalar.
Iskandar TO‘XLIYeV,
SamISI xalqaro turizm va turizm servisi kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari
doktori.